Og‘ufurushlar

Lola (ismlar o‘zgartirilgan)ning turmushi bo‘lmadi, oilasidan ajrashib ota uyiga qaytib keldi. Ayol to‘kis oila baxtini his qilmagani bir tomon bo‘lsa, nafsi oldidagi ojizligi bir tomon bo‘lib, jirkanch savdolarga aralashib qoldi.

Uning giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug'ullanayotgani haqida IIB xodimlari ma'lumot oldi. Shundan so'ng viloyat IIB JQB xodimlari tezkor tadbir rejalashtirdi. Tadbirga xaridor sifatida “Anvar” ismli yigit jalb qilindi. Anvar Lolaga giyohvandlik moddasidan topib berishini so'raydi. Lola tergovda qismi alohida ish yurituvga olingan shaxsdan giyohvandlik vositasini olib, 18.000 AQSH dollariga savdolashadi.

Kelishilgan kunda IIB xodimlari xolislar ishtirokida Anvarga ishlov berilgan 18.000 dollarni hujjatlashtirib berishdi. Shu kuni Anvar ayolga qo'ng'iroq qilib, qaerda ko'rishishini so'radi. Lola tuman markazidagi shifoxona oldida ko'rishishini aytib, kutib turgan tanishi Olmosning mashinasiga o'tirdi.

Ular shifoxona oldiga kelib, ko'rishdi. Ayol Olmosni turmush o'rtog'i deb tanishtirdi. O'z navbatida Olmos ham Anvarga qarab, “biron kor-hol bo'lsa tinch qo'ymayman” deb po'pisa qildi. Shundan so'ng ular “qora dori” savdosi haqida gaplashdi. Lola giyohvandlik vositasini “O'ramas” mahallasida berishini aytib, yo'lida davom etdi. Birozdan keyin Lola Anvarga qo'ng'iroq qildi, birga ketishini aytib, u mingan taksiga o'tirdi. Yo'l-yo'lakay Lola giyohvandlik vositasini kimdan olganini, bu haqda Olmosning ham xabari borligini aytib berdi. Mahalla hududiga kelgach, Anvar bilan Lola taksidan tushib, Olmosning mashinasiga o'tirdi. Taksi haydovchisi ularni shu yerda kutib turadigan bo'ldi.

 

Ular Olmosning boshqa mahalladagi hali qurilishi bitmagan hovlisiga kelishdi. Xonadon yerto'lasida vaqtincha saqlab kelayotgan giyohvandlik vositasini olib chiqib, taksini oldiga kelishdi. Mashinadan tushgach, Lola qo'lidagi paketni Anvarga uzatdi. Anvar giyohvandlik vositasini taksining yukxonasiga soldi. Shu payt IIB xodimlari kelib, ularni jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan ushlashdi.

Anvardan taxminan 1 kg. “opiy” giyohvandlik vositasi va mashina yukxonasida bo'lgan 18.000 AQSH dollari hujjatlashtirib olindi. Olmos ham ko'p miqdordagi giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish jinoyatiga ishtirokchilik qildi.

Viloyat IIB EKB kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko'ra, Loladan nazorat ostida sotib olingan, daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirilgan 1 dona qora sellofan paketga qadoqlangan modda “opiy” giyohvandlik moddasi turiga kirishligi, ushbu “opiy” giyohvandlik moddasining sof og'irligi 1240.16 grammga teng ekanligi ko'rsatilgan.

Sud hukmi bilan Lola hamda Olmoslarning har ikkoviga ham 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Farhod XUDOYBERDIEV,

jinoyat ishlari bo'yicha Urgut tuman sudi raisi.

2015-2024 © Пастдарғом туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM