Xonchorbog`da hunarlilar ko`p

Endi hech o`ylanmay ro`zg`orning "kami"ni o`zim "yamayapman". Kelgusi maoshimga ozroq qo`shib, muzlatkich olmoqchiman.

- Bu oydan mening maoshim ham besh yuz ming so`mga oshdi. Endi ikki million so`m olar ekanman...

"Xayrulla nuri zamin baraka" oilaviy korxonasining qandolatchilik sexida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning tushlikdagi suhbati qur olmasdan, ish boshqaruvchi Xurshida Botirova yakun yasadi.

- Qani, qizlar ovqatlanib bo`lgan bo`l­salaring, biroz dam olinglar. Buyurtma­chilar kelib qoladi. Mahsulotni aytgan vaq­tiga yetkizib berishimiz kerak, - dedi u.

Joriy yil may oyida ishga tushgan mazkur korxonada xonchorbog`lik 13 nafar xotin-qiz mehnat qilayapti. 30 turdan ortiq shirinliklar tayyorlanayotgan sex ishchilarining oylik maoshlari boshlanishiga bir million besh yuz ming so`mdan ikki million besh yuz ming so`mgacha. Ularning ovqatlanish, dam olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Muhimi, ish haqlari vaqtida ish qobiliyatiga qarab beriladi.

- Tadbirkorlikni yoshligimdan boshlaganman, - dedi korxona rahbari Xayrulla Zokirov. - 14-15 yoshlarimdan sotuvchilarga qo`shilib, savdo-sotiq bilan shug`ullanardim. Mamlakatimizda tad­birkorlarga berilgan keng imkoniyatlardan foydalanib, shu sohada bir necha bor urinib ko`rdim. Mana, bugun niyatlarim amalga oshdi. Yig`ib qo`ygan mablag`imga qo`shimcha turmush o`rtog`im Xurshida Botirovaga 33 million so`m kredit ras­miylashtirdik. Har birini 2300 AQSH dollaridan ikkita pech, 72 million so`mga kerakli uskunalar oldik. Bir kunda 300 kilogramm qandolat mahsulotlarini ichki bozorga yetkazib berayapmiz. Kuniga 5-6 million so`m daromad bor. Sof foyda o`rtacha 400-500 ming so`mdan to`g`ri kelayapti. Sifatli, xaridorgir mahsulotlari­mizga borgan sari talab oz emas. Shu bois, yaqin bir-ikki oy ichida daromaddan sexni kengaytirib, ishchi kuchini ham ko`pay­tiramiz. Niyatlar amalga oshgan sayin, ko`ngilda yangi-yangi orzular nish urayapti. Pishiriq tayyorlash uchun kerakli mah­sulotlar o`zimizdan chiqsa deyman. Masalan, tuxum. Tuxum yo`nalishida tovuq boqishga joy tayyor, ammo tovuq sotib olishga mablag`imiz yetmay turibdi. Shu kunlarda kredit olib, parrandachilikni ham yo`lga qo`yish harakatini boshladik. Korxonaning tarmog`i kengaysa, yana 5-10 nafar mahalladoshlar ishli bo`ladi.

Mahalla oqsoqoli Zarif Sulaymonov­ning aytishicha, hududda ana shunday kredit olib, tarbirkorligini yanada rivojlan­tirish istagidagilar safi yurtimizda tad­birkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli yana ham ortayapti.

- Azizbek Po`latov rahbarlik qilayotgan "Ulug` Sarvinoz" oilaviy korxona faoliyat boshlaganiga hali ko`p bo`lmadi, - dedi oqsoqol. - Korxonaning 8 nafar ishchisi har kuni 1800-2000 dona qolipli g`isht, 800-1000 dona pinablok ishlab chiqar­moqda. Kuniga 4 tonna sement, 10 tonna gips hamda 20-25 kilogramm pina qurilish materiallari uchun 10 million so`m sarfla­nayotgan korxonaning daromadi ham shunga yarasha. Ishchilarning oylik maoshlari o`rtacha 4-5 million so`m. Ko`p­chilik musofirchilikda bola-chaqasidan uzoqda, qiynalib mehnat qilganda ham shuncha oylik ololmayapti. Mana, Bog`i­baland qishlog`imizdan Bunyod Yusupov 6 oy Rossiya davlatida bo`lib, quruq qo`l bilan qaytdi. Hozir 5 million oylikka shu yerda ishlayapti. Darvoqe, korxona qo­shida yog`ochni istalgan shaklga kel­tiradigan dastgoh ham ishlab turibdi. Imorat qilmoqchi bo`lib, tuman markaziga ovora bo`ladiganlar hozir bemalol yog`ochlardan taxta tayyorlatib ketayapti. Odamlarimiz qurilish qilishda hech qiynalmaydi. Endilikda korxona rahbari nisbatan ehtiyoj ortayotgan gazablok ishlab chiqarishni yo`lga qo`ymoqchi.

Xonchorbog`da tadbirkor, ishbilar­monlardan tashqari hunarmandlar ham ko`pchilik ekan. Bugun ularning 7 nafari mahalla binosining bo`sh turgan xonasida tikuvchilik bilan mashg`ulligiga guvoh bo`ldik .

Tikuvchi qizlarga Kumush Manzarova rahbarlik qilayapti, - dedi mahalla xotin-qizlar faoli Ro`zigul Axatova. - U 10 yildan buyon tikuvchilik bilan shug`ullanar edi. Ijtimoiy daftarda turgani bois, shu yil unga subsidiya asosida zamonaviy tikuv ma­shinasi berildi. Sifatli ish mijoz ko`payi­shiga sabab-da. Bugun uning o`ziga yarasha byurtmachilari bor. Yoniga olgan tikuvchi qizlar ham kuniga 1-2 tadan ko`ylak tikib oilasiga baraka kiritishayapti. Tikuvchi­larning talab-istaklari bilan tu­mandagi "Beka Charos" tikuvchilik kor­xonalari bilan shartnoma qilmoqchimiz.

85 yoshli Maktab momo Axatovani hamqishloqlari "kashtachi momo" deya ulug`lasharkan. Tabarruk yoshda ham ko`zoynaksiz kitob o`qib, yostiqbosh tika­digan onaxonni kashtalari bejirim. Sakkiz nafar farzandi, 100 ga yaqin nevara-che­vara hamda evaralari ardog`ida bo`lgan Maktab momo bugun yoshlarga ham nisihatgo`y, ustoz, tom ma`noda, "ilhom" manbai.

- Avlodlarimning har biriga bir juftdan esdalikka yostiq tikib sovg`a qilayapman. Qo`limdagi yostiqni Salimxon o`g`limning nabirasi iskandarboyga ataganman, - deya qo`lidagi gashtasini ko`z-ko`z qiladi onaxon.

Milliyligimiz aks etgan tillaqoshu, zirak, guldastalar yasayotgan Nuriya Yahyo­yevaning byurtmachilari ham oz emas. Ayniqsa, bayram arafalari guldastaga xaridorlar ko`p. Qolaversa, bozordagi savdogarlar ham sotish uchun "zakaz" qilishadi.

- Uch yildan buyon hunarmandchilik bilan shug`ullanaman. Kasb-hunar kolle­jida musiqa-mehnat yo`nalishida tahsil olganman. Ustozlarimdan o`rganganlarim bugun asqotayapti. Qo`shni qizlardan 9-10 na­fariga ish o`rgatayapman, - dedi yosh hunarmand.

Ko`nglida ezgu niyatlar jo`sh urayotgan hudud ahli bugun farovon turmush sari ilgarilayapti. Bu yo`lda ularga mahalla faollari hamroh-u hamfikr.

Gulposhsha ESHQOBILOVA.

Aslombek YUSUPOV

olgan suratlar.

2015-2024 © Пастдарғом туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM