
- Mahallamizda 14-30 yoshlilar 1199 nafar, - dedi Yangiobod mahallasi yoshlar yetakchisi Adolat Azizova.- Har birining o`z tashvishi, orzulari bor. Qaysisidir ezgu niyatlari yo`lida o`ziga xos oydin yo`lda, yana qaysisidir esa ijtimoiy ko`makka muhtoj. Shu bois, xonadonma-xonadon yoshlar bilan suhbatlar o`tkazib, "Yoshlar yetakchisi kundaligi"ga qayd etib boraman. So`ng ularning fikrlarini yuqori tashklotlarga yetkazib, muammolari yechimida ko`makdosh bo`lib kelayapman.
Prezident maslahatchisi Qahramon Qo`chqorov tashrifi chog`ida barcha tumandagi yoshlar bilan suhbatlar o`tkazdi. Shuningdek, Yangiobod mahallasida yoshlarning orzu-intilish, taklif va mulohazalari bilan tanishdi. Shu asnoda besh tashabbus doirasidagi olimpiada g`oliblariga (mahalla yoshlarining 98 foizi mana shu olimpiadaga qamrab olindi) minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, og`ir (qizil) toifadagi 20, probatsiya hisobida turadigan 4 nafar yosh bilan alohida uchrashuv o`tkazildi.
- "Yetakchi kundaligi"da qayd etilib borilayotgan shu kunlardagi muhim ezgu sa`y-harakatlardan biri, "ibrat academy" mobil ilovasi orqali chet tillarni oson va bepul o`zlashtirishni yoshlar o`rtasida targ`ib qilishdir. Bugun yoshlarning ko`pchiligi ushbu ilovani o`z telefonlariga yuklab olib, 12 ta chet tilidan qay birini o`rganib borayotgani tahlil etib borilayapti. Quvonarlisi, kelajakda xorijiy tillarni o`rganish, hayotda o`z o`rnini topishni istagan yoshlarimiz safi har qachongidan ham ko`paygan. Muhimi, ularning bo`sh vaqtlari til o`rganish, turli sport musobaqalaridagi ishtiroki bilan o`tayapti. Aytmoqchi, yaqinda nogironligi bo`lgan 1 nafar tenqurimiz sihatgohda davolanishga jo`natildi. Og`ir toifadagi bir nafari esa kamondan o`q otish bo`yicha viloyatda o`tkazilgan musobaqada faol ishtirok etdi. Qolaversa, mahallada tez-tez "Rahbar va yoshlar", jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tadbirlar, turli kasb egalari bilan uchrashuvlar yoshlar ongida Vatanga, ona zaminga muhabbat, o`z kelajagiga befarq bo`lmaslik kabi ishonchli tuyg`ularni mustahkamlayotir.
Yetakchi kundaligi... Uning sahifalaridan joy olayotgan ezgu ishlar yetakchi, mahalla faollarining fidoyiligi bilan yaxshilik, faxr va iftixor bilan yanada jilo topishiga aminmiz. Zero, bu kundalik faxr va g`urur kitobi bo`lishi kerak. Shundagina yoshlar jamiyatga munosib inson sifatida kamol topadi.
Guljahon MARDON qizi.
Firdavs ABDUJABBOROV
olgan suratlar.