
Qonunlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun yaratilgan, ularni chetlab o‘tib, o‘zining ham o‘zgalarning ham taqdiriga daxl qilish uchun emas. Ammo, afsuski, hamma ham buni anglayvermaydi. Bugun tez-tez uchrayotganimiz noqonuniy yo‘llar bilan xorijga chiqishda fuqarolarga "ko‘maklashib" kelayotgan shaxslar ham o‘z kelajaklariga rahna solibgina qolmay, o‘zgalarning ham hayotini xavf ostiga qo‘yishmoqda.
Xususan, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIBning Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekor tadbir davomida Samarqand tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan Sh.Q. fuqarolarni noqonuniy tarzda AQSH davlatiga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelayotganligi, hozirda Yevropa davlatlari orqali Meksika davlatiga, so‘ngra Amerika Qo‘shma Shtatlariga olib o‘tishni va’da qilib, har bir shaxs uchun 16.000 AQSH dollar miqdorida pul talab qilib, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun oldindan 8.000 AQSH dollari miqdorida pullarni so‘rab kelayotganligi aniqlandi.
Samarqand tuman “Oq masjid” mahallasida o‘tkazilgan faol tadbirda Sh.Q. tadbirga jalb qilingan mahalliy fuqarodan 8.000 AQSH dollari (92 000 000 O‘zbekiston Respublikasi so‘miga teng pul mablag‘i) olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
"Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozi", deya bejiz aytilmagan. Bugun daromad ilinjida noqonuniy yo‘llar bilan chet ellarga borish payida bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayotlari xavf ostida qolmasligiga, ularning yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasliklariga kim kafolat beradi. Sh.Q. singari shaxslar jig‘ildoni-yu cho‘ntagini to‘ldirsalar bas, boshqalarning na taqdiri, na ertangi kuni ularni qiziqtiradi. Ogoh bo‘ling, azizlar!!!