insurez
01-03-2025 15:39

ZAMONAVIY UYLAR XALQ FAROVONLIGIGA XIZMAT QILADI


Tumanimizda qad rostlayotgan zamonaviy binolar atrofga o‘zgacha ko‘rk baxsh etib bormoqda. Ularning orasida barcha qulayliklarga ega holda bunyod etilayotgan aholi turar joylari va ko‘p qavatli uy-joy majmualarining o‘rni alohida.

Ayni paytda tumanimizda 3427 ta xonadondan iborat 59 ta ko‘p qavatli uylarda qurilish ishlari olib borilayotgan bo'lib, shundan joriy yilda 275 xonadon joy olgan 4 ta ko‘p qavatli turar joylar aholi foydalanishi uchun topshirilishi rejalashtirilgan.

Ushbu loyihalarning navbatdagisini o‘rganish maqsadida, tuman hokimi Sh.Rahmonov tegishli masʼullar hamrohligida Po‘latchi mahallasi hududida barpo qilinayotgan yangi turar joy majmuasida olib borilayotgan qurilish jarayoni bilan tanishdi.

"Juma eko qurilish" MCHJ tomonidan 35 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilayotgan binolarda 132 ta xonadon joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Shundan so‘ng, o‘rganishlar Samarqand mahallasidagi "Mashʼal trans servis" MCHJ tomonidan 7 milliard so‘m evaziga barpo qilinayotgan 24 xonadonli ko‘p qavatli uy-joy va Sharof Rashidov mahallasidagi "Baza stroy XXA" MCHJ tomonidan 22 milliard so‘m evaziga bunyod bo‘layotgan 113 xonadonli 1 ta ko‘p qavatli turar joyda davom etdi.

Bunda, pudratchi tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar o‘rganilib, qurilish meʼyorlari va shaharsozlik talablariga mos ish olib borish, bunyodkorlik ishlarini o‘z muddatida sifatli holatda yakunlash borasida tavsiya, ko‘rsatmalar berildi.

Bu kabi, bunyodkorlik namunalari xalq farovonligi hamda yurtimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi albatta.

Teglar
- -