YURT RAVNAQI VA XALQ FAROVONLIGI UCHUN BARCHAMIZ MASʼULMIZ!
Pastdarg‘om tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga xushkayfiyat ulashish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘zida 4 ta mahallada tortilgan 16 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, qurilgan 4 dona yangi suv inshooti, 12 ta mahallada bunyod etilgan 18 kilometr piyodalar yo‘laklari, 60 ta mahallada tortilgan 60 kilometr yangi elektr tarmog‘i, o‘rnatilgan 18 ta yangi transformator hamda 2100 dona simyog‘ochlar, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p qavatli uylar va yo‘llar qurilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan 5 oy mobaynida bandlik dasturi doirasida 19,8 ming aholi bandligi taʼminlangani, aholi tomorqasini sug‘orish tizimini yaxshilash uchun 8 ta mahallada 3 ta nasos o‘rnatilib, 16 ta artizan quduqlar qazilgani, 24,5 kilometr tarmoq tortilib, 3,5 kilometr lotok o‘rnatilgani hamda 6 ta mahallaning elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 733 ta beton ustunlar, 11 ta transformator o‘rnatish, 23,2 kilometr elektr tarmoq tortish, 4 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llarini asfaltlash, 5 kilometr yo‘llarni shag‘allashtirish ishlari amalga oshirilayotgani so‘zimiz isboti sanaladi.
Ayni kunlarda O‘zbeksiton mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Qo‘chqorovich Quronboyev rahbarligidagi ishchi guruh tumanimizda bo‘lib, bir qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha olib borilayotgan manzilli va amaliy ishlarni o‘rganmoqda.
Bunda, aholi muammolarini hal etish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, “og‘ir toifa”dagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, tomorqalardan samarali foydalanish hamda aholi kayfiyatini ko‘taradigan boshqa masalalar yuzasidan bajarilayotgan ishlar tahlil etilish barobarida, bu boradagi kelgusi vazifalar ham belgilab olinmoqda.
Q.Q.Quronboyev, tuman hokimi Sh.Rahmonov, tegishli o‘rinbosarlar va mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda ham, yuqorida taʼkidlangan masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv davomida har bir soha vakiliga o‘z xizmat vazifasini sidqidildan masʼuliyat bilan ado etish yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.