YANGI DASTURLAR IJROSI VA BUNYODKORLIK ISHLARI DOIMIY NAZORATDA
Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov Pastdarg‘om tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Beshnayman mahallasidagi PQ-454-sonli qaror asosida mukammal taʼmirlanishi va 240 o‘rinli yangi qo‘shimcha bino qurilishi rejalashtirilayotgan 2-umumtaʼlim maktabiga oid loyiha bilan tanishib, loyiha bo‘yicha qurilish olib boriladigan hududni ko‘zdan kechirdi.
So‘ng, viloyat va tuman prokuraturasi hamda IIB masʼullari, tuman hokimi, respublika, viloyat va tuman darajasidagi qurilish sohasi vakillari, pudratchi quruvchilar ishtirokida tumanimizda turli dasturlar asosida olib borilayotgan va amalga oshirilishi kutilayotgan bunyodkorlik ishlarining loyihalari va ularning ijrosini o‘rgandi.
Jumladan, PQ-454-sonli qarorga asosan "2025-yilda Pastdarg‘om tumanida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi"ga binoan qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilishi rejalashtirilayotgan 10 ta maktab, 2 ta bog‘cha va 1 ta tibbiyot maskaniga doir qariyb 49,5 milliard so‘mlik loyihalar bilan tanishdi.
Shu qatorda, yurtboshimizning 330-sonli qaroriga binoan amalga oshirilayotgan 8 ta mahalladagi qiymati qariyb 13 milliard so‘mlik betonlashtirish, quduqlar qazish, suv nasoslari o‘rnatish va beton ariqlar o‘rnatish loyihalari bo‘yicha bajarilayotgan qurilish ishlari holatini ko‘zdan kechirdi.
Tashrif mobaynida Maroqanda mahallasida PQ-404-sonli qaror asosida yangidan barpo etilayotgan 130-umumtaʼlim maktabidagi qurilish ishlari va tegishli dasturga ko‘ra Shombuloq mahallasida olib borilayotgan betonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirib, tegishli masʼullarga qurilish ishlarini boshlashdan avval binolar joylashuvi va bunyodkorlik ishlarida har tomonlama puxta o‘ylab ish ko‘rish lozimligi va kelajak avlod uchun uzoq yillar xizmat qiladigan taʼlim dargohlari hamda bunyodkorlik namunalari qurilishida barcha birdek harakat qilishi kerakligi taʼkidlandi.