Xazon yoqqan fuqaro jarimaga tortildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Pastdarg‘om tumani Eski Juma MFY hududida, katta yo‘l yoqasida joylashgan xonadonlardan birida xazon va o‘simlik qoldiqlari yoqilayotgani, bu holat esa inson salomatligi va atrof-muhitga jiddiy xavf tug‘dirishi haqida xabarlar taraldi.
Mazkur holat tuman Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan tezkor tartibda nazoratga olinib, o‘rganildi.
Tekshiruv davomida, Eski Juma MFYning kirish qismida joylashgan xonadonlardan birida obodonlashtirish ishlari jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilar hamda o‘simlik qoldiqlari yoqib yuborilgani aniqlangan.
Natijada, xonadon egasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 3 barobari miqdorida jarima belgilangan.




