“VIJDON” GURUHI FAOLIYAT BOSHLADI
Har bir xalqning, millatning ertangi kuni o‘sib kelayotgan yosh avlodga bog‘liq bo‘lganidek, hur O‘zbekistonimizning yorqin kelajagi ham bugun o‘qituvchi-ustozlardan taʼlim-tarbiya olayotgan farzandlarimizga, ularning har tomonlama yetuk va barkamol insonlar bo‘lib yetishishlariga bog‘liq.
Shu bois, Pastdarg‘om tumanida taʼlim sohasi va uning sifatini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgan bo‘lib, bu borada o‘quv samaradorligini oshirish bo‘yicha yangicha tizimlar ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jumladan, yaqinda tuman hokimligi tashabbusi bilan uzoq yillardan buyon taʼlim sohasida faoliyat olib borayotgan faxriy va tajribali ustozlar, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lgan fan o‘qituvchilari, mahoratli pedagoglar hamda sohaning boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan eng namunali xodimlaridan iborat “vijdon” guruhi shakllantirildi.
Bugun tuman hokimi Sh.Rahmonov ushbu guruh aʼzolari bilan uchrashib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan suhbat o‘tkazdi.
Bunda, guruh aʼzolari tomonidan taʼlim dargohlarida muntazam o‘rganishlar olib borilishi va guruhning har bir aʼzosi o‘z yo‘nalishidan kelib chiqqan holda o‘rganilgan maskan masʼullariga zarur malakaviy hamda amaliy ko‘maklar ko‘rsatishi bo‘yicha kelishib olindi.
Bu kabi ishlardan ko‘zlangan maqsad, yosh avlodni har tomonlama barkamol inson etib tarbiyalash ekanligi, zero, mamlakat ravnaqi va taraqqiyotini taʼlim istiqboli hamda yosh avlodning maʼnaviy kamoloti belgilashi taʼkidlandi.