TUMANDAGI BUNYODKORLIK ISHLARI DOIMIY DIQQAT MARKAZIDA
Pastdarg‘om tumanida tashabbusli byudjet loyihasi asosida o‘tgan yilning ikkinchi mavsumida yutib olingan loyihalar qatorida 13 ta yo‘llarning qariyb 35 kilometr qismini asfaltlashtirish rejasi ham belgilangan bo‘lib, ayni kunlarda bu bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Tuman hokimi Sh.Rahmonov Yangisanoat, Madaniy Yurish, Imomjon Qadimiy Yodgorligi kabi mahallalarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Aholi birdamligi mevasi bo‘lgan bunyodkorlik ishlarining sifatini ko‘zdan kechirish barobarida, fuqarolarga yana-da hamjihat bo‘lish va bu orqali mahalla infratuzilmasini yaxshilash, ko‘chat ekish, obodonlashtirish, tomorqa kabi ko‘plab masalalarda faollik ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng, tegishli o‘rinbosar va masʼullar ishtirokida investitsiya va qo‘shimcha dasturlar, ochiq byudjet loyihasi asosida ijtimoiy soha obyektlarida hamda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli turar joylarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari holati bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.
Bunda, qurilish ishlarini shaharsozlik talablari va boshqa meʼyorlarga mos ravishda olib borish, sifatli holatda belgilangan muddatda yakunlash xususida pudratchi tadbirkorlarga ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsa, ijtimoiy soha obyektlari rahbarlari, mahalla masʼullari va faollardan bunyodkorlik ishlarini risoladagidek olib borilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini ham yo‘lga qo‘yish tavsiya etildi.
Zero, bu qurilayotgan binolar kelajak avlod uchun uzoq yillar munosib xizmat qilishi lozimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, quruvchilar va faollarning ham masala, takliflari tinglanib, bu bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.