insurez
21-02-2025 21:52

TASHKILOT, KORXONA RAHBARLARI VA TADBIRKORLIK SUBYEKTLARI DIQQATIGA!


Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Har birimiz davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz kerak”.

         Shu o‘rinda tumanimizda faoliyat olib borayotgan tashkilot, korxona rahbarlari hamda tadbirkorlik subyektlariga murojaat qilmoqchimiz.

         Har bir mahsulotni targ‘ib etishda reklamaning o‘rni beqiyos. Tadbirkorning kelajagini reklamasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Reklama sohasini isloh qilish maqsadida 2022-yil 7-iyunda O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi 776-sonli Qonuni qabul qilindi. Qonun 53 moddadan iborat bo‘lib, uni Lex.uz sayti orqali tanishib chiqishingiz yoki yuklab olishingiz mumkin.

         Hurmatli tashkilot, korxona rahbarlari hamda tadbirkorlar! Tuman ko‘chalarida joylashgan tashqi reklamalar, peshlavha, e’lon va boshqa axborot matnlarining “Davlat tili haqida”gi hamda “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunlarga rioya qilgan holda o‘rnatish yoki tarqatish tavsiya etiladi.

Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin.

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonunning 20-moddasi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

“O‘zbekiston Respublikasining Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning
 6-moddasi.

     AGARDA:

-  Tashqi reklama vositasi boshqa tillarda tarqatilsa, (Istisno tariqasida reklama mazmunining tarjimasi ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi, umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi, davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi talabiga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin);

-  avtomobil yo‘llari, ko‘chalar, istirohat bog‘lari, xiyobon va piyodalar yo‘lagi yuzasida qurilish materiallari, bo‘yoqlar, yo‘l chizmalaridan nomuvofiq foydalangan holda joylashtirsa;

-  noto‘g‘ri, axloqsiz, yashirin reklama, shuningdek “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mos kelmaydigan boshqa reklama o‘rnatsa;

-  noaniqligi, bir xil ma’noli bo‘lmaganligi, bo‘rttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek jamiyat hamda davlat manfaatlariga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan reklama o‘rnatsa;

-  binoning old tomoniga joylashtirilgan peshlavha yoki kronshteynlarda korxonaning faoliyat sohasini ochib beruvchi matn va uning o‘z nomlanishi aks ettirilgan reklamaning hajmi 2 kv. metrdan ko‘p bo‘lsa;

-  tashqi reklama va axborot obyektlari orqali energetik ichimliklarni, alkagol va  tamaki mahsulotlarini reklama qilish kabi noqonuniy reklama qilinsa,

tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibi buzilgan deb hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 47-moddasiga binoan hech qanday ogohlantirishlarsiz bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantiramiz.

 

Teglar
- -