SUV KELTIRGAN ELDA AZIZ!
Xabaringiz bor, bir muddat avval tuman hokimi Sh.Rahmonov Pastdarg’omning eng chet xududidagi Elbek mahallasida faollar, nuroniylar, mahalla masʼullari bilan uchrashib, fuqarolar kayfiyati, yashash sharoitlari va ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan o‘rganish olib borgan edi.
Uchrashuvda ichimlik suvi va tomorqa uchun foydalaniladigan suv olib kelish masalasi ilgari surilib, bu boradagi vazifalar belgilab olingandi.
Shunga ko‘ra, Samarqand viloyat “Imkon” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson taraqqiyoti markazi va Samarqand suv taʼminoti AJ hamkorligida ushbu mahallaning Kanal yoqa qishlog‘ida joylashgan 8 yildan buyon ishlamay turgan eski suv inshooti yangilanib, 5,5 kilometr masofadagi yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortilmoqda.
Tuman hokimi suv tortish loyihasi bilan tanishish barobarida, tegishli masʼullar, faollar va nuroniylar bilan uchrashdi.
Ezgu ish oldidan duo qilindi va qurilish ishlariga kirishildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 330-sonli qarori asosida mazkur mahallada
9 ta artizan quduqlarini qazish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda
3 ta quduqlarni qazish ishlari yakunlanish arafasida.
"Bek beton" MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga 3 milliard 677 million so‘m mablag‘ jalb etilgan bo‘lib, loyiha ishga tushishi natijasida bir necha yillardan buyon oqar suv muammosi bartaraf etilib, uch qishloqning aholi tomorqalarini sug‘orish muammosi ham to‘liq bartaraf etiladi.