insurez
25-08-2025 12:22

SIFATLI DEFOLIATSIYA - ERTACHI VA MO‘L HOSIL GAROVIDIR


Samarqand viloyati Pastdarg‘om tuman fermerlari kengashi Rayosati aʼzolarining fermerlarga

MUROJAATI

Qadrli tumandoshlar!

Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!

Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, fermer va dehqonlar tomonidan tuman bo‘yicha 268 ta fermer xo‘jaliklari dalalarida Buxoro-102 navi 7422 gektar, Sulton navi 2059 gektar, xorijiy navlar 2820 gektar, Omad va boshqa navlar 794 gektar jami, 13 095 gektar maydonlarda chigit qadab, mashaqqatli mehnatimiz evaziga paxtadan mo‘l hosil yig‘ishtirib olish pallasida turibmiz.

Bugungi kunda parvarishlanayotgan g‘o‘za maydonlarining 11938 gektar maydonlarida defoliatsiya o‘tkazilishi belgilangan.

Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, paxtadan mo‘l hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.

Siz, fermerlarni yana-da qo‘llab-quvvatlash maqsadida birgina avgust oyida muhtaram Prezidentimiz tomonidan uchdan ortiq imtiyozlar va imkoniyatlar yaratib berdi. Jumladan,

-paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya hamda  o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab berish;

- “Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Farmoni bilan esa fermer xo‘jaliklariga ekinlarni joylashtirish vakolatlarini berilishiga biz fermerlar labbay deb javob berish vaqti keldi desak adashmaymiz.

Xalqimiz sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.

Aslida buning zamirida Siz va bizning fidoyiligimiz orqali mamlakatimizning iqtisodiyotiga hissa qo‘shishdir.

Shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi inson o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerakdir.

 

Himmati baland mirishkor fermerlar!

 

 Sentyabr oyida bajariladigan g‘o‘za defoliatsiyasi agrotexnik tadbirining ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, g‘o‘za maydonlari o‘z vaqtida va sifatli defoliatsiya qilinsa hosil erta pishib yetiladi va  hosilning erta yig‘ishtirilib olinishiga shu bilan birga uning asosiy qismini yuqori navlarda sotishga erishiladi.  

Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun  sentyabr oyida  ortiqcha yetishtirilgan har bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, g‘o‘za defoliatsiyasi tadbiriga har qachongidan ham masʼuliyat bilan yondashib amalga oshiraylik!

Katta mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni kuzning yog‘in-sochiniga qoldirmay, tez va sifatli yig‘ib-terib olishda yentyabr oyida amalga oshiriladigan g‘o‘za defoliatsiyasi tadbiri paxtakorlar uchun eng muhim tadbirdir. 

Shu sababli g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazish uchun g‘o‘za maydonlaringizning har bir konturini alohida o‘rganib,   g‘o‘zalarning bir xil rivojlangan va biologik yetilganligiga alohida eʼtibor bergan holda defoliatsiya o‘tkazishni sifatli va har bir hududning iqlim sharotlaridan kelib chiqib, belgilangan muddatlari, qo‘llaniladigan defoliant turlari va meʼyorlarini belgilashingiz muhim ahamiyat kasb etadi.

Avvalo har bir fermer xo‘jaligi  g‘o‘za parvarishida defoliatsiyasi oyida bajariladigan quyidagi agrotexnik tadbirlarni kengashib bajarilishi lozim.

birinchidan, muddatida va sifatli o‘tkazilgan defoliatsiya g‘o‘za barglarini to‘liq to‘kilishini taʼminlaydi, qator oralaridan shamol o‘tishi va ko‘saklarga quyosh nurining ko‘proq tushishi natijasida barvaqt pishib yetilishi va ochilishiga qo‘shimcha imkon yaratiladi. Paxta qisqa muddatda yig‘ib-terib olinadi, keyingi yil hosili dala ishlarini tezlashtiradi. Paxtaning terim mashinalari yordamida terib olinishiga puxta zamin yaratadi.

 Ikkinchidan, defoliatsiya samaradorligiga taʼsir etuvchi omillardan biri bu havo harorati bo‘lib, defoliant o‘zining kimyoviy xususiyati va taʼsir etish mexanizmiga ko‘ra haroratga turli darajada talabchan bo‘ladi. Bu yil qo‘llash uchun tavsiya etilgan defoliant havoning sutkalik harorati 18°C yuqori bo‘lganda ijobiy samara berib, harorat pasayganda defoliant taʼsir kuchini tamoman yo‘qotadi.

Shuning uchun defoliatsiya qilishdan oldin soha mutaxassisining havo harorati to‘g‘risidagi aniq bashoratni olib, preparatni qo‘llash va sepish muddatlarini to‘g‘ri belgilab olish zarur.

uchinchidan,  defoliatsiya samaradorligi uni kun davomida o‘tkazishga bog‘liqligini eʼtiborga olgan holda    kunning issiq paytida defoliatsiya sepish ishlarini amalga oshirmang. Chunki bunday paytda  sepilgan defoliantlar bargda so‘rilmaydi va issiqlik taʼsirida tezda havoga parlanib ketib, tadbir besamar bo‘lib qoladi. Shuning uchun defoliatsiyani kunning salqin paytlarida, yaʼni ertalab shudring ko‘tarilgandan so‘ng kunduzgi soat 11 gacha hamda kunning ikkinchi yarmida soat 16 dan kechgacha o‘tkazish yuqori samara berishini yodingizdan chiqarmang.

to‘rtinchidan, tuproq namligining ham defoliatsiya samaradorligiga juda katta ahamiyatga ega ekanligini eʼtiborga olgan holda  tuproq namligi cheklangan dala nam sig‘imiga nisbatan 65-70% kam bo‘lmasligiga yoki traktor yurganda tuproqda uning yengil izi qoladigan darajada bo‘lishi lozimligiga alohida eʼtibor qarating.

beshinchidan, havo harorati 22-23°C bo‘lganda taʼsir etuvchi moddasi tidiazuron+diuronbo‘lgan DEFOLTER 54% SC, Dalron-Super, DEFOLANT 0,150-0,200 l/ga kabi defoliantlardan va havo harorati o‘rtacha 20-25S past bo‘lganda g‘o‘zaga kontakt taʼsir etuvchi (UzDEF-K-7,0 l/ga, Suyuq XMD-7,0 l/ga, Fan DEF-aʼlo 6,0 l/ga meʼyorlarda) defoliantlar qo‘llash yuqori samara berishini eʼtiborga olishingiz lozim.

oltinchidan, defoliatsiyadan oldin dala chetlari, sug‘orish ariqlari va o‘qariqlar hamda aylanish maydonchalarini sifatli tekislash, dala atrofini 8-12 metr kenglikda desikatsiya qilib, g‘o‘za tuplari yig‘ishtirib olish va dala chetiga chiqarish, tayyor bo‘lgan maydonchalarni texnika vositalari yordamida tekislash hamda  o‘qariq va sug‘orish  ariqlarini ko‘mish va shundan so‘ngina texnikalarni dalaga kiritish zarur.

Shu bilan birga defoliatsiya tadbirlarida barcha ehtiyot choralarini ko‘rishingiz, yaʼni ishchi-xodimlaringizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularni shaxsiy himoya vositalari, qalin matodan tikilgan kombinzon, rezina qo‘lqop, rezina etik, respirator va himoya ko‘zoynagi bilan taʼminlashingiz   va ularning ish joyida ovqatlanish, suv ichishlariga aslo yo‘l qo‘ymaslik zarurligini unutmasligingiz zarur. . 

 Hurmatli fermer va dehqonlar!

 G‘o‘za defoliatsiyasi ilmiy tavsiyalar asosida o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilsa,   barglar 85-90% ziyod to‘kilib, ko‘saklar 90% ochiladi. Shunda paxta terimi uyushqoqlik bilan o‘tkazilib, birinchi terim hosili salmog‘i ko‘payadi va hosilning asosiy qismi oliy navlarga topshiriladi. Natijada fermer xo‘jaliklarida iqtisodiy manfaatdorlik ham ortadi.

Har birimiz g‘o‘za defoliatsiyasini sifatli va o‘z muddatlarida amalga oshirib paxtadan 50 sentner hosil olishga erishishga hamda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy qilingan imtiyozlardan foydalanishga chaqiramiz.

Aziz fermer va dehqonlar!

Paxta yig‘im-terimi mavsumi oldidan shunday mehnat ko‘tarinkiligini tashkil qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman, degan inson o‘zini dehqondek his etsin. Bobodehqon yelkasidagi yukni ko‘tarishga kamarbasta bo‘lish, el-yurt tashvishiga sheriklik qilish, dehqonning zafarlaridan faxrlanish uchun kurashish hissi yuragingizda jo‘sh ursin!

Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yana-da obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda paxta yig‘im-terimi mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga va paxta terimi oldidan o‘tkaziladigan defoliatsiya tadbiriga alohida eʼtibor qaratishingizga daʼvat etamiz!

Teglar
- -