SERHOSIL VA CHIDAMLI EKINLAR YETISHTIRISH BO‘YICHA SEMINAR
Pastdarg‘om tumani hududiy joylashuvi, ekin maydonlari qamrovi, iqlimi va boshqa jihatlar nuqtai nazaridan, qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha viloyatimizda muhim o‘ringa ega sanaladi.
Bugun tumanimizdagi "Samarqand nav sinash stansiyasi"da "Qishloq xo‘jaligi ekinlarining nav va duragaylari sinovini amalga oshirish hamda uning seleksiya va urug‘chilik tizimidagi roli" bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-dala seminari o‘tkazildi.
Qishloq xo‘jaligi Vazirligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, tuman hokimligi va boshqa aloqador soha masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda, xorijiy g‘o‘za, g‘alla hamda sabzavotlar navlari va duragaylarini o‘sish davri, hosildorligi, kasallik va zararkunandalarga, turli tuproq-iqlim sharoitlariga chidamliligi borasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar xususida so‘z yuritildi.
Bunda, seminar ishtirokchilariga ushbu nav sinash stansiyasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinovdan o‘tkazish orqali serhosil, isteʼmolbop va har tomonlama chidamli navlarni yetishtirish hamda ularni kelgusida yurtimiz bo‘ylab tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tanishtirildi.
Maʼlumot uchun, umumiy yer maydoni 32,3 gektar bo‘lgan mazkur stansiyada bugun g‘o‘zaning 14 ta xorijiy va 12 ta mahalliy navlari, g‘allaning 24 ta yumshoq, 2 ta qattiq navlari hamda 10 dan ortiq dukkakli va yana bir qator sabzavot navlari parvarishlanib, sinovlardan o‘tkazilmoqda.