SANOAT VA ISHLAB CHIQARISH KORXONALARI BO‘YLAB
Tumanimiz tadbirkorlik faoliyati uchun joylashuv, yondashuv, transport qatnovi kabi ko‘pgina jihatlardan qulay bo‘lgani va tadbirkorlar uchun sharoitlar, imkoniyatlar ortayotgani bois kun sayin mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar soni ko‘payib bormoqda.
Tadbirkorlar ko‘paygan sari, o‘zaro raqobat ham, mahsulotlar sifati ham ortadi, iqtisodiy va narx-navo barqarorligi yuzaga keladi.
Bu esa, o‘z-o‘zidan yurt ravnaqi va xalq farovonligiga beminnat hissa qo‘shadi.
Tuman hokimi Sh.Rahmonov tegishli o‘rinbosar hamrohligida Kamolot mahallasidagi ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
Dastlab, "Zender Plus" MCHJ tomonidan ishga tushirilgan politeliyen xomashyosidan qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘lib, ishchi xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish barobarida, mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu korxonada 50 nafarga yaqin fuqarolarning doimiy bandligi taʼminlangan bo‘lib, yiliga 23,5 milliard so‘mlik, 1680 tonna qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Navbatdagi manzil mazkur mahallada joylashgan "Bobeka invest" MCHJ tomonidan bunyod etilgan, oliy navli un mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona bo‘ldi.
Hozircha korxonada 15 nafar aholining doimiy bandligi taʼminlangan bo‘lib, yiliga 70 tonna un va 21 tonna kepak mahsulotlari ishlab chiqariladi.
O‘rganishlar davomida Yangisanoat mahallasida joylashgan "Elektr ta‘mir" MCHJ tomonidan ishga tushirilgan elektrodvigatellarni taʼmirlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona faoliyati ham eʼtibordan chetda qolmadi.
Korxonada bugun 30 ga yaqin ishchilar faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, aylanma mablag'lari yiliga o‘rtacha 5,0 milliard so‘mni tashkil qiladi.
Tuman hokimi har uchala tadbirkorlarni ham muammo va takliflarini tinglab, bu borada zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha tegishlilarga ko‘rsatmalar berdi.