insurez
04-08-2025 17:58

"SAMARQAND OSHI" XALQARO GASTRONOMIK FESTIVALI O‘TKAZILDI


Shu yilning 1–3 avgust kunlari viloyatda ilk bor “Samarqand oshi” xalqaro festivali o‘tkazildi. Unda yurtimiz va xorijiy davlatlarning mashhur oshpazlari ishtirok etishdi.

Bunda, mamlakatimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan eng mohir oshpazlar o‘rtasida musobaqalar tashkil qilinib, xorijlik oshpazlar ishtirokida 20 turdagi noyob palovlar tayyorlandi va oshpazlardan mahorat darslari, xorijiy mamlakatlarning oshlarini tayyorlash jarayonlari, hunarmandchilik hamda sharq shirinliklari ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Shuningdek, “Silk Road Samarqand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasiga maxsus tayyorlangan katta qozonda 50 nafar mahalliy va 5 nafar xorijlik oshpazlar tomonidan 7 tonnadan ortiq osh tayyorlandi.

Festival yakunida ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi va unda Pastdarg‘om tumani vakili Shoxrux Turayev "Eng yosh oshpaz" nominatsiyasi bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligi va hamkor tashkilotlarning qimmatbaho esdalik sovg‘alari va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Xalqaro festival davomida “Samarqand oshi” – nafaqat taom, balki, xalqimiz mehmondo‘stligi, bag‘rikengligi va madaniy boyligining timsoli sifatida namoyon bo‘ldi.

Teglar
- -