QURILISH ISHLARI NAZORAT OSTIDA
Tumanimizning ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shish, infratuzilmasini yana-da yaxshilash va har tomonlama rivojlantirish maqsadida bir qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda barcha qurilish obyektlarida ishlar qizg‘in pallada.
Jumladan, tegishli dastur asosida 14 ta maktabgacha va maktab taʼlim muassasasida qiymati 46 milliard 400 million so‘mlik, 2 ta tibbiyot maskanida esa, qariyb 7 milliard so‘mlik loyihalar bo‘yicha qurilish ishlari olib borilyapti.
Shuningdek, "Ochiq byudjet" dasturi doirasida 14 ta mahallada jami qariyb 32 kilometr masofadagi yo‘llar asfalt qilinishi va 78-maktab hududida yangi zamonaviy sport zali qurilishi rejalashtirilgan.
Tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi (GASN) hamkorligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan tumanimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.
Bugun, tuman hokimi Sh.Rahmonov tuman prokuraturasi masʼullari, tegishli soha vakillari, bunyod etilayotgan obyektlar rahbarlari va o‘sha hududning mahalla raislari hamda qurilish-pudratchi tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganilash natijalari yuzasidan muhokama o‘tkazdi.
Muhokamada loyihani yakunlash belgilangan muddatdan ortda qolayotgan hamda qurilish talablari, xavfsizlik meʼyorlari va shaharsozlik tamoyillariga amal qilinmasdan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari eʼtirozlarga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, qurilish ishlarini yana-da jadallashtirish, bunyodkorlik ishlarini belgilangan muddatda, sifatli holatda yakunlash borasida tavsiya, ko‘rsatmalar berildi.