Pastdarg‘omda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” loyihalari amaliy bosqichga o‘tmoqda
Yurtboshimiz tashabbusi bilan Pastdarg‘om tumanidagi Xonchorbog‘, Guliston va Katta Nayman mahallalari va ularga qo‘shni hududlarda aholini ish bilan taʼminlash, infratuzilmasini yaxshilash, kambag‘allikni kamaytirish, mavjud imkoniyatlardan foydalanib, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida, "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla"ga aylantirish belgilangan bo‘lib, bu bo‘yicha zarur dastur va loyihalar ishlab chiqilgan.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Buranov tuman hokimi J.Pardayev hamda tegishli masʼullar hamrohligida mazkur mahallalarda bo‘lib, ushbu loyihalar va kelgusi rejalar bilan tanishish barobarida, bu bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Jumladan, yangi mahalla binosi qurish, ichki yo‘llarni asfaltlash, piyoda hamda salomatlik yo‘laklarini barpo etish, elektr, ichimlik va sug‘orish suv tarmoqlarini yaxshilash, savdo, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish, o‘quv markazlari, sanoat zonalari tashkil etish kabi yana bir qator masalalar yuzasidan bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek tashrif davomida tuman hokimining tashabbusi bilan tumandagi ijtimoiy soha obyektlari ham ko‘zdan kechirilib, bir qator tibbiy maskanlarni taʼmirlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Tashrif so‘ngida esa, sohalar kesimida har bir masʼulning joriy yildagi reja va maqsadlari bilan tanishilib, barcha mutasaddilarga o‘z vazifasini sidqidildan ado etish borasida ko‘rsatmalar berildi.




