insurez
11-03-2026 13:42

PASTDARG‘OMDA EKSPORTYOR KORXONALAR SONI YANA ORTADI


Kamolot mahallasida xatlov ishlari olib borilib, 107 ta foydalanilmasdan turgan bo‘sh obyektlar aniqlangani va ularni ishga tushirish, kam quvvatda ishlayotgan korxonalar faoliyatini yaxshilash maqsadida "Bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha" doimiy Shtab tashkil etilgani xususida xabar qilgan edik.

O‘tgan davr mobaynida viloyat va tuman tashkilotlari tomonidan qonun doirasidagi barcha ko‘maklar ko‘rsatilishi natijasida bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan obyektlarning 104 tasiga loyihalar ishlab chiqilib, 80 dan ortig‘ida dastlabki amaliy ishlar boshlangan.

Tuman hokimi J.Pardayev, tegishli o‘rinbosar va masʼul tashkilotlar rahbarlari hamrohligida, samarali ish boshlayotgan "Kristall tuz" MCHJning 6 milliard 500 million so‘mlik "yuqori sifatli tuz ishlab chiqarish" loyihasi asosida olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Ushbu loyiha ishga tushishi natijasida, yiliga qiymati  6 milliard so‘m bo‘lgan 3 ming tonna tuz ishlab chiqariladi hamda 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Shuningdek, o‘rganish davomida "CHORDARA IMKON PLYUS" MCHJning qiymati 24 milliard so‘mlik "oq sement ishlab chiqarish" loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Maʼlumot uchun, mazkur loyiha amalga oshishi natijasida yiliga qiymati 39 milliard so‘mlik 24 ming tonna oq sement ishlab chiqariladi hamda dastlabki bosqichda 20 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Har ikkala korxona ham Tojikiston va Qozog‘iston davlatlariga eksport amalga oshirishni rejalashtirilgan.

O‘rganishlar davomida, har bir korxonaning loyihalari va maqsadlari bilan tanishish barobarida, muammo, takliflari hamda ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.

Teglar
- -