insurez
01-09-2025 14:08

Pastdarg‘om tumanida Bilimlar kuni munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirildi


Bilimlar kunini munosib nishonlash va taʼlim muassasalarida tartib-intizom hamda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Pastdarg‘om tumanida yo‘riqnoma mashg‘uloti o‘tkazildi.

Tadbirda tuman Ichki ishlar bo‘limi va Favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbarlari, shuningdek, Huquq-tartibot idoralari shaxsiy tarkibi ishtirok etdi. Mashg‘ulot doirasida maktablardagi tartibot, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari muhokama qilindi.

Shuningdek, xizmatga jalb etilgan kuch va vositalarning tayyorgarligi ko‘zdan kechirilib, xodimlarga amaliy ko‘rsatmalar berildi. Taʼlim muassasalari atrofida qo‘shimcha nazorat postlari tashkil etilib, bolalarning xavfsiz harakatlanishi uchun yo‘llarni tartibga solish vazifalari yuklatildi.

Masʼul idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar Bilimlar kunini ko‘tarinki ruhda va xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda o‘tkazishga xizmat qilmoqda.

Teglar
- -