Pastdarg‘om savdo majmuasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: qonuniy faoliyat – barqaror rivoj garovi
Viloyat Adliya boshqarmasi, tuman prokuraturasi, IIB, Soliq inspeksiyasi hamda Adliya bo‘limi hamkorligida Pastdarg‘om tumanidagi bozorlarda keng qamrovli targ‘ibot va sayyor xizmat tadbirlari tashkil etildi.
Unda, tadbirkorlar va fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, yashirin iqtisodiyotning salbiy oqibatlari, qonuniy faoliyat yuritishning afzalliklari hamda kiberjinoyatlardan himoyalanish usullari haqida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tadbirkorlarga soliq tizimidagi imtiyozlar, davlat tomonidan yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar va rasmiy ro‘yxatdan o‘tish tartiblari yuzasidan amaliy maʼlumotlar taqdim etildi.
Tadbirda "Paynet" tomonidan yaratilgan "Xolis Paynet" raqamli platformasi haqida ham qisqacha maʼlumot berilib, u o‘zi band bo‘lganlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tish, to‘lovlarni qabul qilish hamda fiskallashtirish jarayonlarini soddalashtirishi taʼkidlandi.




