NAVBATDAGI TADBIRKORLAR JAMOATCHILIK KENGASHI YIG‘ILISHI BO‘LIB O‘TDI
Pastdarg‘om tumanida "Tuman hokimi huzuridagi tadbirkorlar jamoatchilik kengashi" tashkil etilgani xususida xabar qilgan edik.
Tumanimizdagi "Samplastservis" MCHJda mazkur kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi N.Ibragimov, viloyat hokimi huzuridagi tadbirkorlar jamoatchilik kengashi raisi H.O‘roqov, tuman hokimi Sh.Rahmonov va tumanimizda ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat olib boruvchi bir qator xorijiy va mahalliy yirik tadbirkorlik subyektlari taʼsischilari hamda rahbarlari ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun, mazkur korxona alyuminiy profillar, PVX rezinalari, turli o‘lchamdagi elektr simlar ishlab chiqarish va eshik-romlar yasash bilan shug‘ullanib, hozirda unda 200 nafarga yaqin aholining bandligi taʼminlangan.
Shuningdek, bu yerda “LOGIC AUTOMOTIVE AND ENGINEERING” xorijiy korxonasi ham joylashgan bo‘lib, unda avtobuslar uchun o‘rindiqlar, konditsionerlar, eshiklar, karkaslar va izotermik kuzovlar ishlab chiqarilmoqda.
Dastlab, tadbir qatnashchilari ushbu yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, mahsulotlar sifati va xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng, korxonalar faoliyatiga doir videorolik va maʼlumotlar namoyish etildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan faoliyatiga oid muammo va kamchiliklar o‘rtaga tashlandi. Barcha masalalar ro‘yxatga olinib, ularning yechimlari bo‘yicha ish olib borish belgilandi.
Shu kabi, bunday uchrashuvlar tadbirkorlikni yana-da rivojlantirish, yurtimiz taraqqiyoti hamda xalq farovonligiga hissa qo‘shish uchun xizmat qilishi xususida so‘z yuritilib, ushbu kengash yig‘ilishi muntazam davom etishi taʼkidlandi.