NAVBATDAGI TADBIRKORLAR JAMOATCHILIK KENGASHI UCHRASHUVI BO‘LIB O‘TDI
Pastdarg‘om tumanida "Tuman hokimi huzuridagi tadbirkorlar jamoatchilik kengashi"ning navbatdagi uchrashuvi 21-yanvar kuni "Alfatherm plast" MCHJda bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tuman hokimi Sh.Rahmonov, viloyat hokimi huzuridagi tadbirkorlar jamoatchilik kengashi raisi H.O‘roqov, rais o'rinbosari N.Ibragimov, viloyat va tuman masʼullari hamda tumanimizda ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat olib boruvchi bir qator xorijiy va mahalliy yirik tadbirkorlik subyektlari taʼsischilari, rahbarlari ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun, yelim idish, quvurlar, fitinglar va boshqa santexnika jihozlari ishlab chiqariladigan korxonada 50 nafar ishchi xodim faoliyat olib boradi hamda bu yerda yiliga 40 milliard so‘mlik 100 dan ortiq assortimentdagi mahsulotlar yurtimizning barcha hududlariga yetkazib beriladi.
Dastlab, tadbir qatnashchilari ushbu ishlab chiqarish korxonasi faoliyati, mahsulotlar sifati va xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va korxona faoliyati kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotlar turini ko‘paytirish hamda marketing masalalari borasida tavsiyalar berildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan faoliyatiga oid muammo va kamchiliklar o‘rtaga tashlandi. Barcha masalalar ro‘yxatga olinib, ularning yechimlari bo‘yicha ish olib borish belgilandi.
Shu kabi, bunday uchrashuvlar tadbirkorlikni yana-da rivojlantirish, yurtimiz taraqqiyoti hamda xalq farovonligiga hissa qo‘shish uchun xizmat qilishi xususida so‘z yuritilib, ushbu kengash yig‘ilishi muntazam davom etishi taʼkidlandi.




