"NAMUNALI XAVFSIZ YO‘LAK"NI TASHKIL ETISH ASOSIY MASALA
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonun buzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yana-da oshirish dolzarb vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil 3-yanvarda qabul qilingan "2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 1-sonli qarorida bir qator vazifalar belgilab berildi.
Tuman prokuraturasida tuman hokimi mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan shtab aʼzolari bilan muhokama o‘tkazdi.
Bunda, kuzatuv kameralari, yoritish vositalari, tashvish va “SOS” tugmalari hamda kodli qulflar o‘rnatish, xonadon hamda obyektlarni qo‘riqlovga olish masalalari ilgari surildi.
Shu kabi, yo‘llarni taʼmirlash, piyodalar yo‘lakchalarini tashkil etish hamda tungi yoritgichlar o‘rnatish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tegishli mutasaddilarga ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, muddatlar belgilandi.