MUQADDAS QADAMJOLAR - MILLAT XAZINASI
Pastdarg‘om tumanidan o‘tuvchi Zarafshon daryosining janub qirg‘og‘ida joylashgan “Oshiq Ota” ziyoratgohi qadim tarixga ega muqaddas qadamjolardan sanaladi.
Jami 55 gektar maydonni o‘z ichiga olgan ushbu qadamjoda “Oshiq Ota” avliyo maqbarasidan tashqari, o‘z davrining aziz ulamolari bo‘lgan zotlar - Abu Muʼin Shayx (vafoti 1112-hijriy yil), Amir Haydar Ibn Amir Muhammad Xurosoniy (vafoti hijriy 958-yil) hamda o‘z davrida “Mo‘minlar shayxi” maqomida bo‘lgan Shayx Abdul Karim (vafoti hijriy 1017-yil) kabi bir necha ulug‘ allomaning ham qabr toshlari bor.
Tuman faollari hamda aholi vakillari birlashib, homiylik va hashar yo‘li orqali mazkur hududni rekonstruksiya qilishga, obod, so‘lim go‘shaga aylantirishga bel bog‘lagan bo‘lib, ayni kunlarda bu boradagi dastlabki ishlar boshlab yuborilgan.
Tuman hokimi Sh.Rahmonov tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar, tumandagi faol fuqarolar, homiylik qilish istagida bo‘lganlar bilan uchrashib, Pastdarg‘om tumanining asosiy, qadimiy ziyoratgohlaridan sanalgan bu qadamjoni milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan holda obod maskanga aylantirish borasidagi loyihalarni yana-da takomillashtirish yuzasidan o‘z fikrlarini bidirdi.
Shuningdek, bunyodkorlik ishlarini ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish, asl qadimiy obyektlarni o‘z holida saqlab qolish, qurilish ishlarini Madaniy meros agentligi masʼullari bilan bamaslahat olib borish, shu kabi ziyoratgohning atrofi hamda unga eltuvchi yo‘llar, ularning chetidagi xonadonlar va binolarni tartibga keltirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi taʼkidlandi.