MAQSAD TUMANNI YANADA OBOD GO‘SHAGA AYLANTIRISH
Tuman hokimligi tomonidan sektorlar va tashkilotlar rahbarlari, 107 ta mahalla “yettiligi” aʼzolari, hududlar faollari hamda o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahallasida ishtirok etgan rahbarlar bilan zoom platformasi orqali muhokama o‘tkazilgani, unda bir qator muhim masalalar ilgari surilib, bu borada ko‘rsatma va topshiriqlar berilgani xususida xabar qilgan edik.
Hamma tashkilotlar kabi tuman hokimi ham o‘ziga biriktirilgan Bog‘ishamol mahallasida xonadonma-xonadon yurib, mahalla masʼullari bilan ijtimoiy muhtoj oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va tadbirkorlikka yo‘naltirish, jinoyatchilikni oldini olish, fuqarolar uchun xavfsiz muhitni taʼminlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususidagi aniq vazifalarni belgilab oldi.
Zoom platformasi orqali o‘tkazilgan navbatdagi muhokamada ham, har bir rahbar va faol o‘zi biriktirilgan hududida mahalla masʼullari bilan birga ishtirok etdi.
Muhokamada fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, quyosh panellarini o‘rnatish, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar o‘tqazish, soliq va kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash, ichki ko‘chalar va binolar atrofini tartibga keltirish, hududlarni obodonlashtirish, qabristonlarda hasharlar tashkil qilish, ijtimoiy muhtoj oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi asosida olib borilayotgan ishlar tahlil etildi.
Shuningdek, sohalar kesimida tasdiqlangan “Ombor” daftarlari" bo‘yicha rejalashtirilgan ko‘rsatgichlarni bajarilishi holatiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Berilgan topshiriqlar ijrosi xususida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan va o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan mutasaddilarning ish faoliyati tanqid ostiga olinib, eʼtirozga sabab bo‘ldi.
Barcha kamchiliklarni bartaraf etish borasida ko‘rsatmalar berilib, bu bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.