insurez
15-03-2025 16:21

KO‘P QAVATLI UYLAR HOLATI VA AHOLI TURMUSH TARZI O‘RGANILDI


Tuman hokimi tuman IIB boshlig‘i, tegishli o‘rinbosar va mutasaddilar hamrohligida Juma shahridagi mahallalar bo‘ylab aholi kayfiyati, yashash sharoitlari va olib borilayotgan obodonlashtirish, tartibga keltirish ishlarini o‘rgandi.

Jumladan bunda, Po‘latchi mahallasidagi ko‘p qavatli uylardagi holatni ko‘zdan kechirish barobarida, mazkur uylarning biridagi yerto‘ladan unumli foydalanib, zotli quyonlar boqish bilan shug‘ullanayotgan Muhammadxo‘ja Berdiyev faoliyati bilan tanishdi.

Aql bilan mehnat qilayotgan 35 yoshli fuqaro o‘zi yashayotgan ko‘p qavatli uy yerto‘lasining qariyb 20 kvadrat metr qismidan unumli foydalanib, zotli quyonlar parvarishlaydi va har oyda 800-1000 dollargacha daromad oladi.

Sh.Rahmonov fuqaroga faoliyatini kengaytirish va qo‘shnilariga, mahalladoshlariga yuqori daromadga erishish bo‘yicha yo‘nalish va ko‘mak berish, targ‘ibot olib borish borasida tavsiyalar berdi.

Shundan so‘ng, qurilish sohasi va mahalla masʼullari, tegishli mutasaddilar, faol fuqarolar va ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda tumanimizdagi bir nechta mahallalar qatorida Po‘latchi mahallasi ham renovatsiya dasturiga kiritilgani, yaqin orada ushbu hududda har tomonlama qulay, hashamatli va zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylar qurilishi rejalashtirilayotgani xususida so‘z yuritildi.

Shu kabi, aholi vakillariga o‘zlari yashab turgan uylar evaziga yangi, zamonaviy xonadonlarga ega bo‘lishlari bo‘yicha taklif bildirildi.

Bundan tashqari, hududlarni obodonlashtirish, binolar tashqi qismi va atrofini tartibga keltirish, gulzorlashtirish, ko‘chatlar o‘tqazish, jinoyatchilikni oldini olish kabi bir qator masalalar borasida fikrlar ilgari surildi.

Teglar
- -