JAMOAT FONDI GRANTI UCHUN MUAMMOLAR O‘RGANILDI
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, 2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi 124-sonli farmoni bilan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qayta tashkil etilgan edi.
Mazkur farmon bilan Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi va Jamoat fondi oldiga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan yangicha tizimda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Parlament komissiyasi aʼzolari va Jamoat fondi vakillari hamda mahalliy kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh Pastdarg‘om tumanida bo‘lishdi.
Ishchi guruh vakillari bo‘lgan Parlament komissiyasi raisi A.Shodmonov, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab quvvatlash jamoat fondi direktori O.Husanov, Jamoat fondi viloyat bo‘linmasi boshlig‘i D.Malikov va tuman hokimi Sh.Rahmonov, tuman kengashi deputatlari va tegishli mutasaddilar hamrohligida aholining muammolarini hamda o‘z yechimini kutayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega boshqa masalalarni o‘rganishdi.
Jumladan, Bo‘ston mahallasidagi Yoshlar markazi va Axborot-kutubxona markazi, Furqat mahallasidagi 125 xonadondan iborat ko‘p-qavatli ijtimoiy uy-joylar va Elbek mahallasidagi eski ichimlik suvi inshootlarining holati bilan tanishib, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan kelishib olishdi.
Ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar natijasi bo‘yicha har bir hududga mo‘ljallangan, xususan, ichimlik suvi, maktab va poliklinikalar infrastrukturasi, aholi bandligi va salomatligi sohalarida aholini qiynayotgan muammolarning manzilli va samarali yechimiga qaratilgan grant tanlovlar eʼlon qilinishi rejalashtirilmoqda.