IMKONIYATDAN UNUMLI FOYDALANAYOTGAN YОSHLAR
Davlatimiz rahbarining 153-sonli qarori asosida yurtimizning boshqa hududlari qatori Pastdarg‘om tumanida ham dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan bir qator yoshlarga ekin maydonlaridan yerlar ajratilgan.
Aksariyat yoshlar o‘zlariga ajratilgan yerlarda serdaromad va isteʼmolbop ekinlarni yetishtirib, xalqimiz dasturxoniga yetkazib bermoqda.
Jumladan, Sanchiqul mahallasida yashovchi shunday yoshlardan biri Visola O‘ralova o‘ziga ajratilgan yerdan unumli foydalanib, hozirda piyoz ekinini yetishtirmoqda. Yosh singlimiz nafaqat o‘zi va oila aʼzolarini balki, mahalladagi yana 10 nafardan ortiq xotin-qizlarni ham mavsumiy ish bilan taʼminlashga erishdi.
Shuningdek, Mang‘itobod mahallasida yashovchi Maʼrufjon Rahmonovga shu tartibda ajratilgan yerdan ham samarali foydalanib kelinmoqda.
Dehqonchilikning hadisini olgan bu oila birlashib, shu yerda mehnat qilib, yuqori daromadga erishgan.
Ular vaqtni g‘animat bilib birinchi ekin uchun ekilgan loviya fasol hosili yig‘ib olish barobarida, ikkinchi ekinni ekishga ham ulgurishgan.
Muxtasar aytganda, yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosat, yaratilayotgan qulayliklar va berilayotgan keng imkoniyatlar natijasi o‘laroq, yosh avlod vakillarining bandligi taʼminlanib boryapti.