insurez
10-03-2026 17:31

Hurmatli Pastdarg‘om tumani aholisi va aziz mehmonlari !


Tuman hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Natijada, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 28,0 foizga, ulardan o‘g‘rilik 44,4 foizga, oilaviy zo‘ravonlik 100 foizga, firibgarlik 20 foizga, bezorilik 66,7 foizga, o‘rtacha og‘irlikda tan jarohati yetkazish 60 foizga hamda o‘lim bilan tugagan YTHlar ham100 foizga kamayishiga erishilgan.

Shuningdek, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 50 foizga, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 100 foizga hamda guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ham 100 foizga kamayib, ayollar, mast holatdagi shaxslar, muqaddam sudlanganlar hamda ishsizlar tomonidan jinoyat sodir etilmadi.

Yoki, tumandagi 100 ta mahallalardan 12 tasida jinoyat sodir etilib, jami mahallalarning 10 tasi “sariq” hamda 88 tasi “yashil” toifada qoldi.

O‘tgan yil davomida qizil toifada bo‘lgan 11 ta mahallalarda olib borilgan profilaktik choralar natijasida “yashil” toifaga o‘tib, mahallalarning kriminogen vaziyati yaxshilandi.

Biroq, amalga oshirilgan profilaktik chora tadbirlarga qaramasdan tuman hududida joriy yilning o‘tgan davri davomida sodir etilgan jami jinoyatlar 64,6 foizga, aniqlanadigan jinoyatlar45,5 foizga oshib, sodir qilingan jinoyatlar 100 ming aholiga nisbatan 32,6 foizni tashkil qildi.

Bundan tashqari, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir qilingan jinoyatlar 202,9 foizga oshib, bu turdagi jinoyatlarni sodir etilishida kundan-kunga yangi usullar qo‘llanilmoqda.

Shu sababli, hurmatli fuqarolar telegram, vatsap va boshqa internet tarmoqlari orqali turli ko‘rinishlarda, misol uchun “Osoni bilan daromad”, “yutuq”, “kredit rasmiylashtirish” kabi shubhali takliflarga ishonmang, taklifnoma, tabriknoma, mobil qurilma dasturi va shu kabi “.apk” formatida kelgan fayllarni zinhor ocha ko‘rmang.

Shuningdek, Sizni pullaringizni osongina ko‘paytirib berish haqidagi takliflar kelib tushganda, bilingki bu Sizning pul mablag‘laringizni o‘zlashtirish uchun qo‘yilgan tuzoqdir, zero hech kim Sizga biron bir harakatsiz pullaringizni ko‘paytirib bermaydi.

Bundan tashqari, Sizdan nomaʼlum shaxslarga shaxsiy maʼlumotlaringizni (bank kartasi raqami, SMS-kodlar, pasport maʼlumotlari) bermaslikni, internet orqali savdo va xizmatlardan foydalanganda faqat ishonchli manbalarni tanlashingizni hamda shubhali qo‘ng‘iroq yoki xabarlar kelib tushganda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingizni so‘rayman.

Hurmatli fuqarolar !!!

Eʼtiboringizni og‘riqli nuqtaga qaratmoqchiman.

Joriy yilning o‘tgan davrida tuman hududida o‘g‘rilik, firibgarlik hamda giyohvandlik vositalari muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar keskin avj olib, jamiyatimiz xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.

Xususan, joriy yil boshidan bugungi kunga qadar jami 84 tao‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilib, jami o‘g‘rilik jinoyatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 366,6 foizga oshgan.

Sodir qilingan o‘g‘rilik jinoyatlarini tahlil qilganimizda 8 tasi xonadon o‘g‘riligi, 3 tasi hayvon o‘g‘riligi, 1 tasi kissavurlik hamda 71 tasi axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir qilingan o‘g‘riliklarni tashkil etadi.

Jinoyat sabablari o‘rganilganida fuqarolarning uy-joyidagi moddiy qimmatliklar, uy-jihozlari ochiq holda saqlanishi, chorva mollarini ochiq dala maydonlariga tashlab kelishini oldini olish choralari ko‘rilmaganligi, bu borada tushuntirish ishlari olib borilmaganligi oqibatida ushbu jinoyatlarning sodir qilinishiga sharoit yaratilganligi aniqlandi.

Negaki, hozirda tumanimiz fuqarolari o‘zining mol-mulklarini yaʼni, uy-hayvonlarini qarovsiz qoldirishi oqibatida o‘g‘rilik jinoyati ham ko‘payib bormoqda.

Shu sababli, o‘g‘riliklarining oldini olish uchun Sizdan uyingizni mustahkam qulf va zamonaviy xavfsizlik tizimlari bilan jihozlashni, uzoq muddatga safarga ketayotganda qo‘shnilaringizni xabardor qilishingizni, ijtimoiy tarmoqlarda uyda yo‘qligingizni oshkor etmasligingizni, nomaʼlum shaxslarni uyingizga kiritishda hushyor bo‘lishingizni, yashash joylaringizni Qo‘riqlash xizmatiga texnik 

qo‘riqlovga topshirish, videokuzatuv vositalari o‘rnatish hamda uy-hayvonlaringizni dalalarda qarovsiz qoldirmasliklaringizni so‘rayman.

Shu kabi, tumanimiz hududida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ko‘payib, bu kabi jinoyatlar yoshlarimiz kelajagi, fuqarolarning sog‘ligi hamda jamiyatimiz farovonligiga jiddiy raxna bo‘lmoqda.

Shu bois, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish maqsadida giyohvandlik vositalarning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo qarshi turishni, farzandlaringizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular bilan doimiy muloqotda bo‘lish, shubhali shaxslar yoki holatlar haqida tegishli idoralarga xabar berish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishingizni barchangizdan so‘rayman.

Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish – nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi, balki har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Zero, har bir fuqaro ogoh va masʼuliyatli bo‘lsa, jamiyatimizda tinchlik va xavfsizlik taʼminlanadi.

Aziz hamtumanlar, tuman hududida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga beeʼtibor bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.

Teglar
- -