insurez
31-05-2025 18:17

HOKIM 5350 NAFAR BITIRUVCHI VA ULARNING OTA-ONALARI BILAN UCHRASHDI


Bugungi shiddatli zamonda yurtimiz har tomonlama taraqqiy topishi uchun jamiyatimizga barcha sohalarda yetuk mutaxassislar zarur.

Jumladan, bilimli pedagoglar, usta quruvchilar, mohir injenerlar, iqtidorli dasturchilar hamda olimlar va hokazo, bularning barchasi uchun o‘qish, taʼlim olish, izlanish kerak.

Tuman hokimi Sherzod Rahmonovning joriy o‘quv yilida Pastdarg‘om tumanidagi umumta'lim maktablarini tamomlagan 5350 nafar bitiruvchilar, ularning ota-onalari va ustozlari bilan o‘tkazgan onlayn muloqotida ham aynan ushbu xususida so‘z yuritildi.

Shuningdek, 128 ta maktab studiyalari orqali ishtirok etgan 15 000 nafarga yaqin pedagoglar, o'quvchilar va ota-onalar uchrashuvida katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar "ertamiz egalari" ekanligi, o‘smirlar va ota-onalarning bugungi qarori ularning kelajagini belgilab berishi aytib o‘tildi.

Zero, yurtboshimizning "Najot taʼlimda, najot tarbiyada, najot bilimda" - deya bod-bod takrorlashi ham bejiz emasligi tushuntirildi va joriy o‘quv yilida maktabni tamomlagan barcha bitiruvchilarning barchasini oliy taʼlimga yo‘naltirish lozimligi taʼkidlandi.

Shu kabi, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish, davomat, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, milliy hamda xalqaro sertifikatlar olish kabi masalalar xususida tavsiya, ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, hozirda 2 nafar bitiruvchilarimiz xalqaro universitetlarga, 4 nafar bitiruvchilarimiz xalqaro universitetlarning Respublika filiallariga muddatidan avval o‘qishga qabul qilingani, 115 nafar bitiruvchilarimiz IELTS, TOEFL, CEFR kabi xalqaro tan olingan sertifikatlarga, 909 nafar bitiruvchilarimiz esa milliy sertefikatlarga ega bo‘lishgani xususidagi quvonarli statistikalar maʼlum qilinib, ushbu o‘quvchilarning ustozlari hamda ota-onalariga minnatdorchilik bildirildi.

Teglar
- -