G‘O‘ZA PARVARISHI BO‘YICHA "DOLZARB 50 KUN" DOIRASIDAGI ISHLAR JADAL TUS OLGAN
Xabaringiz bor, bir muddat avval tuman hokimi Sh.Rahmonov tegishli soha mutasaddilari hamda paxtachilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda, Pastdarg‘om tumanida g‘o‘za parvarishi va agrotexnikasi bo‘yicha favqulodda holat, yaʼni, joriy yilning 5-iyulidan, 25-avgustigacha "dolzarb 50 kun" sifatida eʼlon qilinganini taʼkidlab, bu borada bajariladigan ishlar, aniq vazifalarni belgilab bergan edi.
Shunga ko‘ra, hozirda ekin maydonlarida olib borilayotgan ishlar qizg‘in pallaga yetgan.
Xususan, tumanda g‘o‘za agrotexnikasi bo‘yicha ko‘mak guruhlari shakllantirilib, ular tomonidan sug‘orish, kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashish, kultivatsiya, chekanka kabi tadbirlarni o‘tkazish, g‘o‘zani bargidan oziqlantirish kabi yana bir qator dolzarb masalalar bo‘yicha seminarlar tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, tungi sug‘orish ishlari bo‘yicha ham ishchi guruh joriy qilinib, suvdan unumli va to‘g‘ri foydalanish, tejamkorlikka amal qilish hamda oqava suvlarni chiqarmaslik masalalari yuzasidan muntazam ravishda o‘rganish olib borilyapti.
Amalga oshirilayotgan ishlar qatorida, biolaboratoriyalar faoliyati, biomahsulotlar sifati va paxta terimi mavsumi uchun terim kombaynlarini hozirlash ishlarini ko‘zdan kechirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Muxtasar aytganda mirishkor dehqonlar va qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari yetishtirilayotgan ekinlardan yuqori hosil olish niyatida kecha-yu kunduz tinim bilmay ter to‘kmoqda.