BUNYODKORLIK ISHLARI MASʼULLAR NAZORATIDA
Tuman hokimi Sh.Rahmonov tegishli o‘rinbosar va mutasaddilar hamrohligida hududlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Dastlab, Qorovultepa mahallasida ochiq byudjet loyihasi asosida, 1,3 milliard so‘m evaziga amalga oshirilayotgan 2,6 kilometr masofadagi, shu kabi, xuddi shuncha mablag‘ hisobiga Kichik Nayman MFYda tashabbusli byudjet loyihasi doirasida olib borilayotgan 3,6 kilometr uzunlikdagi asfaltlash ishlari ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng, Furqat mahallasida "Temirov perfekt building" MCHJ tomonidan bunyod etilayotgan, loyiha qiymati 17 milliard so‘m bo‘lgan 120 xonadonli ko‘p qavatli uylarda davom etayotgan qurilish jarayoni bilan tanishildi.
Bundan tashqari, Katta Nayman va Guliston mahallalarini "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi" mahallaga aylantirish borasida hashar yo‘li orqali amalga oshirilayotgan asfaltlash, piyodalar yo‘laklari barpo etish va boshqa bunyodkorlik ishlari ham eʼtibordan chetda qolmadi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bunyodkorlik ishlarini sifatli holatda va belgilangan muddatda yakunlash borasida ko‘rsatmalar berilib, bu borada aniq vazifalar belgilandi.




