BOG‘ISHAMOL MFY “YASHIL” HUDUDGA AYLANADI
Bog‘ishamol mahallasida 894 ta xonadon bo‘lib, ularda 4778 nafar aholi istiqomat qiladi. Shuningdek, mahallada 3 ta maktab va 3 ta oilaviy bog‘cha faoliyat olib boradi.
Birinchi sektor rahbarining sektor shtabi aʼzolari va masʼullar hamrohligida mahallalar bo‘ylab olib borayotgan o‘rganishlari aynan ushbu mahallada davom etdi.
Odatga ko‘ra, dastlab tuman hokimi ko‘chaboshilar, faollar va fuqarolar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan masalalar hamda mahallada olib borilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan suhbat o‘tkazdi.
Shundan so‘ng, mahalla ahli bilan tomorqadan unumli foydalanish, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar ekish, ichki suv yo‘llarini qazish va betonlashtirish, quyosh panellarini o‘rnatish va uning afzalliklari, soliq hamda kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash masalalari bo‘yicha suhbat o‘tkazib, bu borada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida kelishib olindi.
Shu bilan birga, mahallada jinoyatchilik va oila-turmush munosabatlarida huquqbuzarliklarni oldini olish, notinch oilalar bilan individual ishlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilaviy nizolar kabi masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, ijtimoiy muhtoj xonadonlar holidan xabar olish barobarida, ushbu oilalarni kambag‘alikdan chiqarish va tadbirkorlikka yo‘naltirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi hamda "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi asosida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Mahalla yettiligi va tegishli masʼullarga keng qamrovdagi obodonlashtirish, qabristonlarni tartibga keltirish, to‘qsonbosti ekinlarini ekish, daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ishlarini boshlash bo‘yicha aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, bu kabi ishlarda barcha birdek faol bo‘lishi lozimligi taʼkidlandi.
Sektor aʼzolari kun davomida ushbu mahalladagi 70 ga yaqin xonadonlarda bo‘lib, 25 dan ortiq muammolar aniqlandi va bu bo‘yicha tegishli chora hamda vazifalar belgilandi.
O‘rganishlar maxsus tasdiqlangan reja asosida boshqa mahallalarda ham davom etadi.