AYOLLAR BILAN ISHLASHDA PASTDARG’OM NAMUNASI JORIY ETILADI
Davlatimiz rahbarining "Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 103-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Pastdarg‘om tumanida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish, oliy taʼlim bilan qamrab olish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bugun, ushbu xususida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish va ularni viloyatimizdagi barcha hududlarda tadbiq etish maqsadida Pastdarg'om tumanida ko‘rgazmali va amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi masʼuli, viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyatimizdagi barcha tuman-shaharlarning Xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari hamda viloyat darajasidagi boshqa tegishli masʼullar ishtirok etishdi.
Dastlab, tuman hokimligida uchrashuv o‘tkazilib, unda tumanimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor va amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha maʼlumot berildi.
Shundan so‘ng, Mang‘itobod mahallasida xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish va tomorqadan unumli foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishilib, bu borada tajriba almashildi.