Хotin-qizlar uchun yana bir imtiyoz

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlardan tavsiyanoma olish uchun arizalar qabul qilinmoqda!

Ma’lumki, Hukumat qarori (2022 yil 9 iyundagi VMQ-322-son) bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat oliy ta’lim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. 

Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishlari lozim. 

Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka 

ega bo‘lishi;

- tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;

- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.

 

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, o‘rta maxsus yoki professional ta’lim muassasalarini tamomlagan talabgorlar joriy yilning 1 iyuniga qadar (shu kuni ham) ariza bilan mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) Ishchi guruhlariga murojaat etadilar va quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

1. Fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi.

2. Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko‘chirma.

3. O‘rta-maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha diplom.

 

Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda 1-7 iyun kunlari ko‘rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinadi.  

Ishchi guruh xulosasi asosida xotin-qizlarga tavsiyanoma berishga tavsiya etish yoki uni rad etish to‘g‘risida 7-10 iyun kunlari tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari tomonidan qaror qabul qilinadi hamda uni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Har yili 10 iyundan 14 iyunga qadar Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan qaror va unga ilova qilingan hujjatlar ko‘rib chiqilib, Qo‘mita raisining tavsiyanomalarni berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqariladi.

15 iyunga qadar tavsiyanomalar o‘rnatilgan tartibda o‘z egalariga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz: 

Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida faqat bir marta oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinishi uchun amal qiladi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlar ularning ish faoliyatiga mos bo‘lgan yo‘nalishlarini ko‘rsatgan holda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Oliy ta’lim va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus dasturiga kiritiladi;

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi;

kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra to‘plangan ball bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan taqsimlangan kvotalar asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida tanlovga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.

 

2022-2023 o‘quv yilida tavsiyanoma olgan, biroq oliy ta’lim muassasalarida talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlarning tavsiyanomalari 2023-2024 yillar uchun ham amal qiladi.

2015-2023 © Хокимият Пастдаргомcкого района. Разработан в: SAKTRM