YANGI LOYIHALARDA MAVJUD MUAMMOLAR O‘RGANILDI
Kamolot mahallasi hududida «SMKS» MCHJ tomonidan umumiy qiymati 5 million dollarlik ko‘mirni saqlash omborxonasi va mahsulotni qayta ishlashni tashkil etish loyihasi ishga tushirilayotgan bo‘lib, tuman hokimi J.Pardayev mazkur loyiha doirasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish barobarida, xorijiy hamkorlarning muammo va takliflarini o‘rgandi.
Shuningdek, “Darg‘om” kanali bo‘yida barpo etilayotgan sohil bo‘yi dam olish maskani loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham joyida o‘rganilib, tadbirkorlarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Maʼlumot uchun, ushbu hududning master rejasiga asosan suv bo‘yida istirohat bog‘i, dam olish zonasi, kapsulali mehmon uylari, dala hovlilar, attraksionli akvapark, ziplayn, bolalar o‘yingohi va sport maydonchasi, savdo markazi, kafe va pavilonlar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 13 ta lotlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan auksion savdolari orqali xarid qilib olingan.




