REJALAR ULKAN, MAQSADLAR ANIQ
Pastdarg‘om tumanida eksport hajmi 2017 yilda 8 million 713 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 19 million 266 ming dollarga yetdi hamda 2023 yilga nisbatan o‘sish 123 foizni tashkil etdi. Ushbu natija hududdagi sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari faoliyati samaradorligining oshganidan dalolatdir.
Bugungi kunda tumanimizda faoliyat yuritib kelayotgan 29 ta eksportyor korxonalar tomonidan eksport qilingan mahsulotlarning 9 million 955 ming dollarlik qismi sanoat mahsulotlari va 9 million 311 ming dollari esa meva-sabzavot mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tumanimiz mahsulotlari 17 ta davlatga eksport qilinmoqda. Jumladan, eksportdagi eng katta ulush, yaʼni 40 foiz mahsulot Rossiya davlatiga, 18 foizi Tojikiston va 16 foizi Xitoy davlatiga eksport qilinmoqda. Shuningdek, Polsha, Vyetnam, Afg‘oniston, Turkiya, Qozog‘iston, Latviya, AQSH va boshqa shu kabi davlatlar tumanimiz mahsulotlarining xaridorlaridir.
Tuman hokimi Sherzod Rahmonov tegishli masʼullar hamrohligida eksportyor korxonalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab, tadbirkorlarning muammo va takliflari o‘rganilib, yechimi yuzasidan masʼullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shu kabi, joriy yilda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, tumanimizda ishlab chiqarilgan hamda yetishtirilgan mahsulotlarni sifatini yana-da oshirgan holda, eksportni ko‘paytirish yuzasidan kelishib olindi.