Pastdarg‘omda PQ-1 qarori mazmuniga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Davlatimiz rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida Pastdarg‘om tumanida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Seminarda viloyat prokurorining 1-o‘rinbosari S.Bazarov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari U.Yakubov, tuman hokimi J.Pardayev, tuman prokurori J.Yuldashev, tuman IIB boshlig‘i U.Xalimov, “mahalla yettiligi”ning tuman rahbarlari hamda “Qizil” va “Sariq” toifaga kiritilgan mahalla yettiligi aʼzolari ishtirok etishdi. Unda PQ-1 qarori bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalar mazmuni hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminar yakunida “mahalla yettiligi” va ijtimoiy profilaktikaga masʼul mutasaddilarga qaror ijrosidan kelib chiqib:
biriktirilgan hududlarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish,
hududiy “yo‘l xaritalari”da belgilangan tadbirlarning to‘liq ijrosini taʼminlash,
ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Seminar mashg‘ulotlarining amaliy qismida “Qizil” toifaga kiritilgan A.Temur mahallasiga chiqilib, Prezident qarorlari ijrosi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar namunaviy tarzda namoyish etildi.
Maʼlumot uchun, mazkur mahalla hududidagi ko‘p qavatli uylar kirish qismiga 19 ta domofon, atrofiga yuzni tanib oluvchi 9 ta, 2 ta PTZ hamda 18 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilib, hududda 102 markaziy tayanch punkti tashkil etilgan.




