insurez
03-06-2025 18:38

PASTDARG‘OMDA BARCHA OTRYADLAR G‘ALLA O‘RIMI MAVSUMIGA SHAY


Pastdarg‘om tumanida 2025-yil hosili uchun 304 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 17 936 gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarishlangan.

Dehqonlar va masʼullarning saʼy harakatlari natijasida yetishtirilgan don hosili pishib yetilayotgani bois, hademay g‘alla yig‘im-terimiga kirishiladi.

Tumanning joriy yildagi jami boshoqli don sotish rejasi 53 ming 840 tonna bo‘lib, shundan tovardan 51 ming 498 tonna, urug‘lik don uchun esa, 2 ming 342 tonna etib belgilangan.

Shuningdek, ushbu mavsum uchun tumanimizda 33 ta kombaynlar g‘alla o‘rimiga shaylanish barobarida, xuddi shuncha otryadlar ham tashkil etilgan.

Bugun viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi masʼullari, tuman hokimi o‘rinbosari, tegishli tashkilotlar mutasaddilari, MMTP raislari, otryadlar tarkibiy aʼzolari va mexaniklar ishtirokida mavsumga shaylik holati ko‘zdan kechirildi.

Shu kabi, "Pet Agro oil" MCHJ g‘alla klasteri tomonidan kombaynlar mexaniklariga yog‘ va un mahsulotlari tarqatilib, xalq rizqini yig‘ib o‘z manziliga yetkazishdek masʼuliyatli vazifani ado etishda kuch quvvat tilandi.

Barcha otryadlar aʼzolari va tegishli masʼullardan belgilangan vazifani vijdonan ado etishlari, favqulodda vaziyatlarni oldini olish choralarini ko‘rishlari va mavsumni betalofat o‘tkazishga masʼuliyat bilan yondashishlari so‘raldi.

Teglar
- -