#Munosabat
#Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Pastdarg‘om tumanidan o‘tgan 4R-51-avtomobil yo‘lining chetida suv ariqlari yotqizishda yo‘lning qatnov qismiga chiqilib, transport vositalari va piyodalarning harakatlanishiga xavf tug‘dirilayotganidan shikoyat qilingan.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi va tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasidan maʼlumot oldik. Unga ko‘ra:
Pastarg‘om tuman hokimligining 2019-yil 29-iyundagi 3146-Q-sonli qaroriga asosan, “Qatorterak” mahallasidagi Amir Temur nomli massiv hududidan o‘tuvchi 4R-51 Juma-Xonchorbog‘ avtomobil yo‘lining Xonchorbog‘ yo‘nalishi bo‘yicha chap tomonda joylashgan tuman hokimligi zahirasidagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonidan fuqaro Sodiqova Maqsudaga yengil konstruksiyadan yasalgan 180 kv metr yer maydoni zamonaviy tipdagi savdo do‘konlari binosi qurilishi uchun ajratilgan.
Shuningdek, bu bo‘yicha Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan 31-mart 2023-yil 01-11/26-sonli texnik shart berilgan. Berilgan texnik shartning muddati bir yil bo‘lib, AYBB mutaxassislari tomonidan ushbu texnik shart hozirgi kunda o‘z kuchini yo‘qotganligi maʼlum qilingan.
Shuningdek, texnik shartda savdo do‘koni yo‘l mintaqasidan tashqarida qurilishi lozimligi keltirilgan. Ammo, do‘konlar texnik shartga xilof ravishda yo‘l mintaqasi hududiga daxl qilgan.
Bugungi kunda fuqaro yer ishlarini boshlaganligi sababli, tuman Qurilish bo‘limi mutaxassislari tomonidan shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirgunga qadar qurilishni to‘xtatish aks holda, o‘zboshimchalik bilan olib borilgan qurilishlarni bartaraf qilish bo‘yicha tuman hokimligiga sudga davo arizasi kiritish bo‘yicha maʼlumotlar taqdim qilish to‘g‘risida 2024-yil 24-iyulda 256-sonli ogohlantirish xati berilgan.