insurez
16-08-2024 17:12

MARHUM - TURDI NASRIDDINOV XOTIRLANDI.


Past Darg‘omda Turdi Nasriddinovni tengdoshlari  talabchan, halol hamda tashkilotchi rahbar sifatida eslashadi. Negaki, Turdi aka qayerda ishlamasin, bitta shiorga amal qilgan: “Odamlardan mehrni qizg‘anmaslik, halollikdan chekinmaslik kerak”. 

Bugun, qator yillar Past Darg‘omda birinchi rahbar bo‘lib ishlagan T.Nasriddinov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan bir guruh pastdarg‘omlik nuroniylar, marhumning farzandlari hamda yaqinlari ishtirokida xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Turdi Nasriddinov halollik va talabchanlik xislatlarini  uni 1934 yil 15 avgustda dunyoga keltirgan maʼrifatli insonlar bo’lmish ota-onasidan olgani tabiiy. Narpaydagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Dedan qishlog‘idagi maktabda,  keyinchalik boshqa ilm maskanlarida va nihoyat, tuman yoshlar qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlaganida ham ushbu xislatlari unga doimo hamroh bo‘ldi.

Yaxshi xislatlari sabab tengqurlariga ibrat bo’lish barobarida rahbarlar nazariga tushdi.
Ehtimol, shu sabab 13 yillik mehnat staji bilan Narpay tuman ijroiya qo‘mitasi raisligiga loyiq ko‘rilgan.

Undan keyin yangi tashkil etilgan Paxtachi hamda aholisi zich joylashgan Xatirchi tumanlarining birinchi rahbari bo‘lib ishladi. 
Past Darg‘omda esa 9 yil davomida tuman aholisining quvonch-tashvishlarini birga his qilib, barini ular bilan boshidan o’tkazdi.

Turdi aka mahallalarga borishdan erinmas, kiyinish va so’zlashlari  oddiy edi.
Ayniqsa, joylarga borganda dehqonlar bilan erkinroq suhbatlashishni yoqtirardi. 
Mehnatkashliklari sabab 1983 yil yakunlariga ko‘ra,  o‘sha tuman davrdagi ittifoqning 4 ta oliy darajadagi boshqaruv organining ko‘chma bayrog‘i bilan taqdirlangan. Ana shu zafar bahonasida tumandagi juda ko‘p dehqonlar, qishloq xo‘jaligiga aloqador tashkilotlar xodimlari aynan tuman partiya qo‘mitasi birinchi kotibining tavsiyasi bilan rag‘batlantirilgan.

Bugun tumanlarga rahbarlik qilgan bir qancha shogirdlari, sobiq hokimlar Shohimardon G‘ulomov, Mirzayor Xudoyorov, Tifli Bobonorov, Muxtor Sattorov, nuroniylardan Azamat Ro‘ziqulov va boshqalar Turdi Nasriddnov bilan birga ishlagan davrlar, u kishi boshchiligida amalga oshirilgan ezgu va xayrli ishlar, kadrlarga bo‘lgan eʼtibori xususidagi taassurotlarini so‘zlashdi.

Tadbirda tuman hokimi Sherzod Rahmonov hamda tuman prokurori Jasur Yo‘ldoshevlar ham ishtirok etdilar.

Teglar
- -