insurez
09-09-2024 14:32

MAHALLIY TRANSFORMATOR ISHLAB CHIQARISH RIVOJLANTIRILADI


Kuz kelishining ilk kunlaridanoq havo haroratiga o‘z taʼsirini ko‘rsatdi. Kunlar sovishi bilan elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham ortib boradi. Oqibatda esa, eski transformatorlar qo‘shimcha yuklanishni ko‘tara olmay, elektr taʼminotida uzilishlar va tizimdagi muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Natijada, elektr kuchlanishli qurilmalarga bo‘lgan talab ortadi va bu sohada faoliyat olib borayotgan mahalliy sanoat korxonalari bunda muhim o‘rin tutadi.

Tumanimizdagi “SPECTOR METALA SONSTRUSSIYA” MCHJ gofra, kabel kanal, elektr shitlar ishlab chiqarish va transformatorlar terish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Korxona tomonidan yiliga 2500,0 kilometr gofra,  2000 kilometr kabel kanal  hamda 180,0 ming dona elektr shitlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ushbu korxonada 92 nafar fuqarolarning doimiy bandligi taʼminlangan.

Tuman hokimi tegishli o‘rinbosar va mutasaddilar hamrohligida ushbu korxonada bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida korxona faoliyatini kengaytirish, elektr taʼminotida zarur jihozlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotlar sifatini yana-da yaxshilash lozimligi xususida so‘z yuritildi.

Umuman, energetika sohasidagi bunday korxonalar soni ortishi hamda faoliyati kengayishi elektr tarmoqlarining barqarorligini oshirishda muhim omil bo‘lishi taʼkidlandi.

Teglar
- -