Mahalliy Kengashlar faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qaroriga asosan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, shuningdek, viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari va hokimlari uchun o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Mazkur o‘quv seminarlarida Xalq deputatlari Kengashi raisi maqomi, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini mahalliy darajada taʼminlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi dolzarb masalalar hamda ularni hal etish yo‘llari atroflicha muhokama qilinmoqda. Shuningdek, xalq deputatlari Kengashlarining hokimlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro munosabatlari, hamkorlikda ishlash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
O‘quv seminarlarida Samarqand viloyati hokimlari va Xalq deputatlari Kengashlari raislari bilan bir qatorda Pastdarg‘om tumani hokimi Sh. Rahmonov hamda tuman Kengash raisi ham faol ishtirok etmoqda.
Taʼkidlash joizki, bunday o‘quv seminarlari mahalliy davlat hokimiyati vakillarining huquqiy bilimi va boshqaruv salohiyatini oshirish, hududlarda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish hamda aholi manfaatlarini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.




