"IJTIMOIY REYESTR" BILAN ISHLASH: XOLISLIK VA MASʼULIYAT MUHIM
Tumani hokimining o'rinbosarlari va prokurorining o‘rinbosari, mahalla raislari hamda ijtimoiy xodimlar ishtirokida, Pastdarg‘om tumanida ijtimoiy himoya tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tumandagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati keng va atroflicha tushuntirildi.
Xususan, ehtiyojmand oilalarni aniqlash jarayonlari — yaʼni davlat taʼminotidagi, kambag‘al hamda kambag‘allik chegarasida yashayotgan oilalarni belgilash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini xolisona baholash, toifalarga ajratish va har bir oila uchun individual yordam rejalarini ishlab chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Masʼullar tomonidan ushbu vazifalarni amalga oshirishda halollik, masʼuliyat va shaffoflik tamoyillariga qatʼiy rioya etish lozimligi taʼkidlanib, yangi tizimning avvalgi amaliyotdan farqli jihatlari, uning afzalliklari hamda ijro mexanizmlari yuzasidan batafsil tushunchalar va aniq topshiriqlar berildi.




