HAR BIR TADBIRKOR FAOLIYATI ALOHIDA EʼTIBORDA
Pastdarg‘om tumanidagi Kimyogarlar qo‘rg‘onida 326 ta tadbirkorlik subyektlari va korxonalar joylashgan. O’tgan 6 oy davomida tuman mutassadilarining sa’y-harakati bilan 56 tasida ish boshlangan bo’lsada, yana 107 tasi bo‘sh turibdi yoki samarasiz foydalanilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, bir muddat oldin viloyat prokuraturasi va tuman hokimligi hamkorligida ushbu bo’sh turgan 107 ta obyektlar faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha qo’shma ishchi guruh faoliyat boshlagan edi.
Bugun viloyat hokimi A.Boboyev, viloyat prokurori M.Eshnazarov, tuman hokimi Sh.Rahmonov va ishchi guruh mutasaddilari mazkur hududdagi foydalanilmasdan turgan obyektlar, bo‘sh turgan binolar va kam quvvatda ishlayotgan korxonalar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha Kimyogarlar qo’rg’onidagi obyektlarda bo’lishdi.
Jumladan, tashabbuskor tadbirkor tomonidan qiymati 1,2 milliard. so‘mlik chorvachilikni tashkil etish rejalashtirilgan biroq, hozirga qadar foydalanilmasdan turgan 1,68 gektar maydondagi bino va inshootlar ko‘zdan kechirilib, loyihani amalga oshirish yuzasidan tavsiya, ko‘rsatmalar berildi.
So‘ng, Kamolot mahallasida "East oil agro" MCHJ tomonidan tashkil etilayotgan qiymati 1 million dollarlik "O‘simlik yog‘i va omuxta yem mahsulotlari ishlab chiqarish" loyihasi bilan tanishildi.
Shundan so‘ng, "Afrosiyob sement" MCHJga qarashli sement zavodida yuqorida taʼkidlangan bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan 107 ta tadbirkorlik subyektlari va tegishli masʼullar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Bunda, har bir ishbilarmonning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymayotganlik sabablari, muammo va kamchiliklari o‘rganilib, "Bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha" Shtab tashkil etishga kelishib olindi.
Mazkur Shtabga viloyat prokuraturasi, tuman hokimligi, tijorat banklari va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan masʼullar biriktirilishi hamda tadbirkorlik subyektlariga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun qonun doirasida ko‘maklashish vazifalari belgilandi.
Bundan ko‘zlangan maqsad esa, yangi loyihalarni ishga tushirish va bu orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish ekanligi taʼkidlandi.