EKSPORTCHI TADBIRKORLAR VA YIRIK KORXONALAR FAOLIYATI E'TIBORDA
Davlatimiz rahbari raisligida investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarga asosan tumanimizdagi sanoat korxonalari faoliyati keng miqyosda o‘rganilmoqda.
Jumladan, bugun tuman hokimi Sh.Rahmonov tegishli o‘rinbosar hamrohligida Kimyogarlar qo‘rg‘onida jadal surʼatda qurilish ishlari ketayotgan “Samarqandkimyo” qo‘shma korxonasining “Murakkab tarkibli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish” loyihasi bilan tanishdi.
Qiymati 300 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha ishga tushgach, 900 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlanadi va yiliga 910 ming tonna mineral o‘g‘itlar ishlab chiqariladi.
Navbatdagi manzil alyuminiy profillar, PVX rezinalari va ulardan eshik, romlar ishlab chiqaruvchi “Samplastservis” MCHJ korxonasi bo‘ldi.
Loyiha qiymati 10 million dollarni tashkil qilgan ushbu korxonada 150 ga yaqin fuqarolarning bandligi taʼminlangan.
Bundan tashqari, “Samarqand Kamalak Invest Tekstil” MCHJ korxonasiga tashrif buyurib, u yerdagi ish jarayoni, mahsulotlar sifati, ishchi xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
350 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlangan ushbu fabrika yiliga 163,1 milliard so‘mlik, 5,5 ming tonna ip-kalava hamda 23,5 ming tonna chigit mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Uskuna va texnologiyalar Shvetsariya, Turkiya hamda boshqa davlatlardan olib kelingan bo‘lib, ishlab chiqarilgan mahsulotlar Xitoy, Turkiya va BAA davlatlariga eksport qilinadi.
Har bir korxona rahbari bilan ishlab chiqarish hajmini oshirish, korxonalar faoliyatini kengaytirish borasida taklif va tavsiyalar berilib, bu borada tuman masʼullari tomonidan qonun doirasidagi barcha ko‘maklar ko‘rsatilishi taʼkidlandi.