BALIQCHILIK VA CHORVACHILIK YANADA RIVOJLANADI
Tumanimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalqimizga sifatli go‘sht va baliq mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, yaratilayotgan qulaylik hamda berilayotgan imkoniyatlardan ko‘pgina fermerlar unumli foydalanishyapti. Ammo, ular orasida faoliyatida kamchiliklari mavjud va sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganlari ham yo‘q emas.
Tuman hokimi sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, MMTP raislari va tegishli masʼullar bilan birgalikda tumandagi paxta va g‘alladan tashqari chorvachilik hamda baliqchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan joylarda seminarlar o‘tkazdi.
Dastlabki seminar baliqchilik fermer xo‘jaliklari raislari bilan "Po‘lat baliqlari" baliqchilik klasterida tashkil qilindi. Seminar so‘ngida fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha tanqidiy-tahliliy muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda, soliqdan qarzdorligi bor, yashirin iqtisodiyot aniqlangan hamda rivojlanishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan fermer xo‘jaliklari faoliyati tanqid ostiga olindi.
Xuddi shu masalalar yuzasidan paxta va g‘alladan tashqari chorvachilik fermer xo‘jaliklari raislari bilan "Mirvali Abror Begali" fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan seminar ham, tanqidiy-tahliliy muhokamaga ulanib ketdi.
Shuningdek, har ikkala uchrashuvda ham, ushbu sohalarni yana-da rivojlantirish, fermer xo‘jaliklari faoliyatini kengaytirish, go‘sht va baliq mahsulotlari yetkazib berish hajmini yana-da oshirish borasida topshiriqlar berilib, bu borada aniq muddatlar belgilandi.