YANGI LOYIHALAR IJROSI O‘RGANILDI
Tuman hokimi Sh.Rahmonov tegishli o‘rinbosar hamrohligida tumanimizda ayni paytda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari va amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar holati bilan tanishdi.
Dastlab, Po‘latchi mahallasida renovatsiya dasturi asosida qurilishi kutilayotgan 900 ta xonadondan iborat 11 ta ko‘p qavatli uylar loyihasini ko‘zdan kechirish barobarida, shu yerda yashovchi fuqarolar bilan suhbat o‘tkazdi.
Unda o‘zlari yashab turgan eski uylar evaziga har tomonlama qulay, hashamatli va zamonaviy, yangi xonadonlarga ega bo‘lishlari xususida taklif bildirilib, bu borada ularning fikrlari tinglandi.
Shundan so‘ng, Jaul Qosim mahallasida PQ 330-sonli qaror asosida 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga amalga oshirilayotgan va ayni kunlarda yakunlanish arafasida bo‘lgan 2,2 kilometr beton ariqlar o‘rnatish hamda qariyb 1 kilometr masofadagi ichki ariqlarni betonlashtirish ishlari bo‘yicha o‘rganish olib bordi.
Shu kabi, mazkur mahalladagi PQ 454-sonli qaror asosida qariyb 3 milliard so‘m evaziga bunyod etilishi maqsad qilingan 3-umumtaʼlim maktabining 240 o‘rinli qo‘shimcha binosi loyihasi va maktabning asosiy binolarini taʼmirlash jarayoni bilan tanishdi.
Shu qatorda Oq oltin mahallasiga tabiiy gaz taʼminotidagi tafovutlarni oldini olish maqsadida o‘rnatilgan hisoblagichlar jamlanmasi faoliyatini o‘rgandi.
Bundan tashqari, 6 milliard 600 million so‘m mablag‘ hisobiga tuman tibbiyot birlashmasining Charxin filiali terapiya va bolalar bo‘limini rekonstruksiya qilish loyihasi borasida qizg‘in davom etayotgan qurilish ishlari ham eʼtibordan chetda qolmadi.
O‘rganishlar davomida barcha quruvchilarga bunyodkorlik ishlarini risoladagidek, qurilish meʼyorlari va shaharsozlik tamoyillariga mos olib borish hamda o‘z vaqtida sifatli holatda yakunlash bo‘yicha ko‘rsatma, tavsiyalar berildi.