Tashqi reklama o‘rnatishda tartib buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi
Tashqi reklama hudud qiyofasini ko‘rsatadi va shu bilan birga u yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligiga rahna solmasligi lozim.
Ayni damda tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan Juma shahri hamda Qatorterak, Eski Juma, Olmazor, Joul Qosim va Ag‘ron mahallalari hududida tashqi reklama vositalarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirilib, mazkur Qonunlar talablariga mos kelmagan hamda tartibsiz noqonuniy o‘rnatib olingan, maʼnan eskirgan tashqi reklama vositalari bartaraf etilmoqda.
Tadbirkorlardan qonun talablariga rioya etishlari so‘raladi, aks holda ushbu qonunbuzarlik bo‘yicha jarima maʼmuriy jazosi qo‘llaniladi.
Maʼlumot o‘rnida: Noqonuniy reklama o‘rnatish qonunbuzarlik hisoblanib, buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 70 baravarigacha jarima belgilangan. Bugungi kunda 1 BHM 412.000 so‘mni tashkil qiladi.




